AsosiyDunyo

Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga keng ko‘lamli zarba berdi

Hujum ortidan Kiyevda halok bo‘lganlar bor, bolalar bog‘chasi va metro bekati ham shikastlangan.

'Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga keng ko‘lamli zarba berdi'ning rasmi

Bugun, 21 iyul tongida Rossiya armiyasi tomonidan amalga oshirilgan keng miqyosli hujumlar natijasida Kiyev va boshqa bir qator hududlarda vayronagarchilik yuz berdi.

Poytaxt Kiyevda bir nechta tumanlarda dron parchalarining qulashi oqibatida yong‘inlar sodir bo‘ldi. Shevchenkivskyi tumanida ko‘p qavatli uyning balkonida yong‘in chiqqan. Dniprovskyi tumanida savdo do‘konlari yonib ketgan, Svjatoshynskyi va Darnytskyi tumanlarida esa garajlar va hatto bolalar bog‘chasi hududi olov ichida qolgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir necha fuqaro tan jarohati olgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko holatga munosabat bildirib, ikki kishining jabrlanganini, ulardan biriga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilganini aytdi. Shuningdek, Obolonskyi va Solomyanskyi tumanlari ham zarba ostida qolgan. “Lukyanivska” metro bekatining kirish qismi zarar ko‘rgan, shaharning ayrim ko‘chalarida harakat vaqtincha to‘xtatilgan.

Ivano-Frankivskda ham infratuzilma jiddiy zarar ko‘rgan. Shahar meri Ruslan Martsinkivning ta’kidlashicha, bu – urush boshlanganidan beri shaharga qilingan eng keng qamrovli hujum bo‘lgan.

Xarkovda esa Rossiya dronlari 11-12 marotaba zarba bergani aytilmoqda. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, bir necha turar-joy binolarining oynalari sinib ketgan, yo‘llar, tramvay izlari va elektr tarmoqlari shikastlangan. Jabrlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Dnepropetrovsk viloyatida ham hujumlar davom etgan. Viloyat rahbari Sergey Lisakning aytishicha, dronlar zavod, yoqilg‘i quyish shoxobchasi va infratuzilma obyektlarini vayron qilgan. Ikki avtomobil yonib ketgan.

Mazkur hujumlar Ukraina aholisining kundalik hayoti yana xavf ostida qolayotganini eslatmoqda. Tinch aholiga yetayotgan zarar ortidan boshlangan rasmiy surishtiruvlar davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar