Toshkentda Germaniyaga ishga yuborish haqidagi e’lonlar orqali fuqarolarni jalb qilib, ularning pullarini qo‘lga kiritgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xabar bermoqda.
Ushbu holat Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan. Qayd etilishicha, "F.A." MCHJ rahbari J.B. va menejeri A.A. (muqaddam sudlanganlar) fuqarolarni go‘yoki Germaniya davlatiga ishga yuborishi haqida internet ijtimoiy tarmoqlariga e’lonlar joylashtirgan. Ushbu e’lon bo‘yicha murojaat qilgan 9 nafar fuqaro bilan soxta shartnomalar tuzib, ulardan jami 12 500 AQSH dollari va 73,2 mln so‘m (taxminan 5830 dollar) pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.