Google 2023 yilda Turkiyada yuz bergan halokatli zilzila vaqtida o‘zining “Android Earthquake Alerts” tizimi orqali zarur ogohlantirishlarni yetkazib bera olmaganini tan oldi. Bu haqda BBC news yozmoqda.
7,8 magnitudali birinchi zilzila epimarkazidan 158 km radiusdagi 10 million odamga hayot uchun xavfli darajadagi "Take Action" ogohlantirishi yuborilishi mumkin edi. Biroq atigi 469 ta shunday ogohlantirish yo‘llangan.
Google ma’lumotiga ko‘ra, yarim million foydalanuvchiga yengil tebranishlar haqida past darajadagi "Be Aware" ogohlantirishi yuborilgan — bu esa tovushsiz rejimni buzmaydi va ekranni to‘sib qo‘ymaydi.
Zilzila 6 fevral, soat 04:17 da — odamlar uyquda bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan. Kuchli tebranishlar oqibatida 55 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 100 mingdan ziyodi jarohat olgan. Android tizimidan foydalanuvchi telefonlar Turkiyada 70 foizdan dan ortiqni tashkil qiladi, biroq tizim dastlabki tebranishni atigi 4.5–4.9 magnituda deb noto‘g‘ri baholagan.
Google voqeadan keyin algoritmni takomillashtirdi va yangi modellashtirish natijalariga ko‘ra, hozirgi tizim 10 million "Take Action" va yana 67 million "Be Aware" ogohlantiruvini yubora oladi.
Ammo ayrim olimlar bunday muhim xatoliklar haqida ma’lumot berishda kechikilganidan norozi. "Bu kichik voqea emas edi – odamlar halok bo‘ldi", dedi AQSHdagi Kolorado konchilik maktabi professori Elizabet Reddi.
Google bu tizim milliy ogohlantirish tizimlariga qo‘shimcha sifatida mo‘ljallanganini bildirgan, biroq ba’zi mutaxassislar ayrim davlatlar bu texnologiyaga ortiqcha ishonib qolayotganidan xavotirda.