Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuning G‘azo shahrini egallash bo‘yicha rejalari xavfsizlik siyosiy kengashi tomonidan ma’qullandi. Reja IDF tomonidan G‘azo shahrining to‘liq nazoratini qo‘lga kiritishni ko‘zda tutadi. Bunga xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlari ham to‘sqinlik qilmadi.
Uzoq davom etgan yig‘ilishdan keyin e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, operatsiya doirasida fuqarolar uchun gumanitar yordamni ta’minlash choralari ham ko‘riladi.
Rasmiy Tel-Aviv besh asosiy tamoyilni qabul qilganini bildirdi: Hamasni qurollardan xalos qilish, barcha garovdagilarni, shu jumladan halok bo‘lganlar jasadini qaytarish, G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish, va yangi ma’muriyat tashkil etish — u Hamas ham, Falastin Ma’muriyati ham bo‘lmaydi.
Netanyahu Fox News’ga bergan intervyusida Isroil G‘azoni butunlay egallash niyatida ekanini, biroq uni boshqarish niyati yo‘qligini ta’kidladi. Hamas bu qarorni tinchlik muzokaralaridan voz kechish va garovdagilar taqdirini xavf ostiga qo‘yish deb baholadi. Shu bilan birga, Isroil jamiyatida ham bu harbiy kengayish qaroriga qarshi noroziliklar kuchaymoqda.