Gallup instituti o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ukrainaliklarning 69 foizi Rossiya bilan urushni tezroq yakunlash uchun muzokaralarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Faqatgina 24 foiz respondent jangovar harakatlarni davom ettirish tarafdori bo‘lgan. Bu raqamlar urush boshlangan ilk yiliga nisbatan mutlaqo teskari: 2022 yilda 73 foizi jangni davom ettirishni yoqlagan edi.
So‘rov shuningdek, ukrainaliklarning 68 foiz faol jangovar harakatlar 2026 yilgacha tugashiga ishonmasligini ko‘rsatdi. Faqatgina 5 foiz bunday stsenariyni "juda ehtimolliy" deb hisoblaydi.
Ukrainaliklar AQShga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada yo‘qotgan: hozirda faqat 16 foiz respondent AQSh yetakchiligini ma’qullaydi (2022 yilda bu ko‘rsatkich 66 foiz edi).
Biroq ko‘pchilik hozirgacha AQShni mojaroni hal etishda muhim o‘yinchi deb biladi. Ayni paytda Germaniya haqidagi fikrlar ijobiy tomonga o‘zgargan — Berlin yetakchiligi 63 foiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda (2022 yilda bu raqam 46 foiz edi).