13-avgust kuni Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasidagi texnik xatolik tufayli 30,1 ming soliq to‘lovchi hisobidan jami 399,3 milliard so‘m asossiz ravishda yechib olindi.
Qo‘mitaga ko‘ra, ayrim fuqarolar hisobidan 100 ming so‘mdan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ chiqib ketgan.
Soliq organlari shoshilinch choralar ko‘rib, 14-avgustga kelib mablag‘larni to‘liq qaytardi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining vaqtincha pasaygan barqarorlik reytingi qayta tiklandi.
Qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev bunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi va soliq to‘lovchilar ishonchi muhimligini ta’kidladi.