AsosiyJamiyat

Sirdaryoda soxta 150 ming dollarni sotayotgan fuqaro qo‘lga tushdi

U qalbaki 150 ming dollarni haqiqiy 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

'Sirdaryoda soxta 150 ming dollarni sotayotgan fuqaro qo‘lga tushdi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqoltin tumanida yashovchi, 1998 y.t. fuqaro qalbaki 150 ming AQSh dollarini "shartli xaridor"ga haqiqiy 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur fuqaro JIB Yangiyer shahar sudining 2024 yil dekabr oyidagi hukmi bilan Jinoyat Kodeksining 168 va 176-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va hozirda jazo o‘tayotgan shaxs hisoblanadi.

Aytilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida, u Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi ko‘zgatilib, qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda tergov harakatlari doirasida uning jinoyiy sheriklarini aniklash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar