Ryazan yaqinidagi “Elastik” zavodida roʻy bergan portlash qurbonlari soni 24 nafarga yetdi. FVV maʼlumotiga koʻra, vayronalar ostidan yana uch jasod chiqarilgan, shuningdek, jarohat olganlardan biri shifoxonada vafot etgan.
Hozircha 157 kishi tan jarohati olgani maʼlum. 18 avgust Ryazan viloyatida motam kuni deb eʼlon qilindi.
Portlash 15 avgust tongida, zavodning porox sexida yuz berdi. Qutqaruvchilar hanuzgacha faqat vayronalarning yarmigina tozalanganini bildirmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisaga sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagan sabab boʻlgan.
“Elastik” Rossiya davlat reestrida qurol va oʻq-dori ishlab chiqaruvchi korxona sifatida qayd etilgan. Zavodda bundan oldin, 2021 yil oktyabrida ham portlash yuz bergan edi. Oʻshanda 17 kishi halok boʻlgan edi.