Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 6,8 mlrd so‘mlik davlat xaridi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, Uzbekistan Airports AJ buyurtmachiligida jami 6,8 mlrd so‘mlik “bodi-kameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish xizmatini ko‘rsatish” yuzasidan o‘tkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgan.
Ta’kidlanishicha, tanlovda ishtirokchilar uchun hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar to‘liq va xolis baholanmaganligi, shuningdek o‘zaro affillangan shaxslar (ya’ni o‘zaro bog‘liqlik va manfaatdorlik) ishtirok etganligi va baholash jarayonida qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi tasdiqlangan.
Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining g‘olibni aniqlish haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olingan. O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.