27 avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga rasmiy asos soldi. Ushbu majmua mamlakat tarixida ilk bor bunyod etilayotgan eng yirik muzeylardan biri bo‘ladi.
Yangi Milliy muzey loyihasi Yaponiyaning “Tadao Ando Architect Associates” hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” arxitektura kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilish ishlarini Xitoyning “CCCEС International Construction” kompaniyasi amalga oshiradi.
Muzeyning asosiy xususiyatlari: 3 qavatli bino va 2 qavatli yerto‘ladan iborat bo‘ladi; Sharq va G‘arb me’morchiligi uyg‘unlashgan dizaynga ega; 40 ming kvadrat metrdan ortiq umumiy maydon; Bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponat namoyish qilinadi; 4 ming kv.m. maydonda konferensiya zallari, kutubxona, bolalar maydonchalari, restoranlar barpo etiladi. Prezident ta’kidlaganidek, bu muzey uch ming yillik tarixiy merosni keng jamoatchilik, jumladan, xalqaro auditoriyaga taqdim etish uchun zamonaviy ilm-ma’rifat va madaniyat markaziga aylanadi. Shu bilan birga, u Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev marosimda shunday dedi: “Bu muzey xalqimizga va kelajak avlodlarga xizmat qiladi. Bu orqali biz o‘z tariximizni, madaniyatimizni, bebaho boyliklarimizni dunyoga ko‘rsatamiz.” Muzey ishga tushgach, u Toshkent markazidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yangi madaniy-ma’rifiy markaz – tematik turizm maskaniga aylanadi. Marosim yakunida davlat rahbari muzey poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni rasman boshlab berdi.