Qozoqʻiston va Oʻzbekiston muntazam ravishda qoʻshma harbiy mashgʻulotlar oʻtkazishga kelishib oldi. Bu haqda Qozoqʻiston bosh vaziri Oljas Bektenov imzolagan hujjatda qayd etilgan. Kelishuvga koʻra, mashgʻulotlar ikki davlat hududida navbatma-navbat oʻtkaziladi. Unda quruqlik qoʻshinlari, harbiy aviatsiya va maxsus texnika ishtirok etadi. Shartnoma doirasida chegaradan harbiy kolonnalarning oʻtishi, poligonlardan foydalanish hamda tibbiy va texnik taʼminot masalalari tartibga solinadi. Hujjat 5 yil muddatga tuzilgan boʻlib, tomonlardan biri rad etmasa, avtomatik tarzda uzaytiriladi. Rasmiylarga koʻra, kelishuvning maqsadi mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash va ikki davlat armiyalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdir.






