AsosiyJamiyat

Tadbirkorlar uchun jarimalarni toʻlash tartibi yengillashtirilishi mumkin

Jarimaning 50 foizini bir oy ichida to‘lagan tadbirkor qolgan qismidan ozod etilishi taklif qilindi.

'Tadbirkorlar uchun jarimalarni toʻlash tartibi yengillashtirilishi mumkin'ning rasmi

Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini liberallashtirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 oktyabrdan jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yagona tizim joriy etilishi mumkin.

Taklifga muvofiq, vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizi to‘lansa, tadbirkor qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Sud nazoratini kuchaytirish maqsadida, jarima haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinsa, undirilgan mablag‘larni 15 kun ichida qaytarish mexanizmini joriy etish taklif etildi. Muddati buzilgan taqdirda esa har bir kechiktirilgan kun uchun foiz hisoblanadi.

Bundan tashqari, moliyaviy jarimalarni qo‘llash jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, “Yagona davlat nazorati” tizimida elektron reestr yuritish, mobil ilova orqali jarimalarni monitoring qilish va online to‘lash imkonini yaratish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, jarima qo‘llashda shaffoflik va adolatni ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar