Bugun, 11 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, keyingi 8 yilda 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan.
Oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga ko‘paygan. Natijada oldingi yillarda yillik o‘rtacha eksport 1 milliard dollarga ham yetmagan bo‘lsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan.
Viloyatda xitoylik investorlar tomonidan 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025-2027 yillarda jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bularning bari hududlarda ishsizlikni pasaytirib, kambag‘allik darajasini qisqartirish imkonini bermoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan.
Bunday natijalarni oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilingan.
Prezident tomonidan mazkur loyihalarni bekam-ko‘st amalga oshirishga ko‘maklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda.
Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor.
Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.
Prezident loyihalar bilan atroflicha tanishib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
“Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi”, — deydi Prezident.
Yig‘ilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashgan. Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlar “Toshkent invest” kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytilgan.