OpenAI 21 oktyabr kuni sun'iy intellekt asosida yaratilgan yangi brauzeri — ChatGPT Atlas’ni rasman taqdim etdi. U foydalanuvchilarga veb-kontentni tahlil qilish, hujjat va matnlar bilan ishlash, elektron pochtalarni boshqarish, mahsulotlarni taqqoslash va hatto onlayn xaridlarni amalga oshirish imkoniyini beradi.
Brauzer interfeysida ChatGPT yordamchisi maxsus yon panelda joylashgan bo‘lib, foydalanuvchi so‘zni belgilashi bilan darhol kontekstli tavsiya yoki tahlilni taqdim etadi.
Atlas’ning eng qiziq funksiyalaridan biri — “Agent Mode”. U foydalanuvchi nomidan turli amallarni bajaradi: masalan, restoranda joy band qilish, onlayn formalarni to‘ldirish, xaridlarni amalga oshirish va boshqalar. Hozircha bu funksiya cheklangan miqdordagi premium foydalanuvchilar uchun sinov tariqasida ishga tushirilgan.
Brauzerdada maxfiylikqa ham katta e'tibor qaratilgan: foydalanuvchi istalgan vaqtda qidiruv tarixi va ChatGPT bilan muloqotlarini o‘chirishi yoki xotirani vaqtincha o‘chirib turishi mumkin. OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchi ma’lumotlari modellarni qayta o‘qitish uchun foydalanilmaydi.
ChatGPT Atlas hozircha faqat macOS tizimida mavjud, lekin tez orada Windows, iOS va Android versiyalari ham chiqarilishi kutilmoqda. Brauzer Chrome yoki Safari’dan sevimlilar, tarix va parollarni oson import qilish imkoniyini ham taqdim etadi.
OpenAI o‘z brauzeri orqali Google (Gemini), Microsoft (Edge + Copilot) va Perplexity (Comet AI) kabi raqobatchilarga qarshi kurashga chiqmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Atlas tabiiy tilni chuqur tushunish qobiliyati va interaktiv amallarni bajarishdagI ustunligi bilan ajralib turadi.