O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 dekabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgan qayg`uli kunlarda O`zbekiston xalqiga chuqur hamdarlik bildirgani va qo`llab-quvvatlagani uchun Britaniya hukumatiga samimiy minnatdorlik izhor etdi. Alan Dunkan Samarqandga tashrifi chog`ida Buyuk Britaniya rahbariyati nomidan Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirgani O`zbekistonda yuksak qadrlanadi.
O`zbekiston Buyuk Britaniyani jahon siyosati va iqtisodiyotida muhim o`rin tutadigan davlat, deb biladi va siyosiy, iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ushbu mamlakat bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, xalqaro maydonda, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo`yicha hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratadi.
Alan Dunkan, o`z navbatida, Shavkat Mirziyoevni Prezident saylovida ishonchli g`alaba qozongani bilan muborakbod etdi. Buyuk Britaniya davlatimiz rahbari boshlagan islohotlar dasturini qo`llab-quvvatlashi va O`zbekistonning yangi rahbariyati bilan O`zbekiston – Britaniya o`rtasidagi serqirra hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta`kidladi.
Uchrashuvda O`zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligining barcha yo`nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Suhbat chog`ida bugungi kunda ulkan imkoniyatlar mavjud bo`lgan savdo-iqtisodiy va investisiya sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.
Ayni paytda O`zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Buyuk Britaniya kapitali ishtirokida tuzilgan 544 korxona faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil 17 noyabr kuni Britaniyaning 30 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirokidagi O`zbekiston – Buyuk Britaniya savdo va sanoat kengashining 23-majlisi samarali o`tdi. Uning yakunlari mamlakatimizda barcha jabhalarda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko`lamli islohotlar, xususan, so`nggi yillarda biznes muhitni yaxshilash va xususiy tadbirkorlik rolini kengaytirishga qaratilgan qarorlar samarasida ushbu mamlakat etakchi kompaniyalarining jadal rivojlanib borayotgan O`zbekiston bozoriga qiziqishi ortayotganidan dalolat beradi.
Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holatini, jumladan, Xalqaro Vestminster universiteti, Kembrij universiteti ishtirokidagi Yuqori texnologiyalar markazi hamda Britaniya kengashi vakolatxonasining mamlakatimizdagi faoliyatini yuqori baholadilar. O`zbekistonda, ayniqsa, yoshlar o`rtasida ingliz tilini o`rganishga qiziqish ortib borayotgani inobatga olinib, ushbu yo`nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
Suhbatda O`zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligiga doir boshqa masalalar ham muhokama etildi