“Phone Arena”ning xabar berishicha, Samsung‘ning Galaxy A va M seriyasiga mansub bir qator byudjet modellarida oldindan o‘rnatilgan AppCloud nomi ostidagi ilova foydalanuvchilar orasida havotir uyg‘otmoqda. Dastur Isroilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning kuzatuv funksiyalariga ega bo‘lishi ehtimoli katta ekani aytilmoqda. Tekshiruvlar AppCloud operatsion tizimga chuqur integratsiyalanganini va uni butunlay o‘chirib tashlashning imkoni yo‘qligini ko‘rsatgan. Ilova vaqtincha o‘chirilsa ham, qurilmada qoladi va tizim yangilanishidan keyin qayta faollashishi mumkin. Shu bilan birga, foydalanuvchi sezmagan holda qo‘shimcha ilovalarni o‘rnatib qo‘yishi ham qayd etilgan. Mutaxassislar bu holatni “foydalanuvchi maxfiyligiga jiddiy tahdid” deb bahlamoqda. AppCloud‘ning yashirin faoliyat yuritishi uni oddiy tizimli dasturlardan farqli ravishda ancha xavfli ko‘rsatmoqda. Samsung bu masala bo‘yicha hozircha rasmiy izoh bermagan. Voqea, ayrim Galaxy foydalanuvchilari o‘z qurilmalari orqali yashirin kuzatuv ostiga tushgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi savollarni ochiq qoldirmoqda.






