1

«Sizga havas qilaman, Sizni yaxshi ko`raman, Oyijon!»

Mutolaa 20.12.2016, 11:06
Teglar: Xikoya
«Sizga havas qilaman, Sizni yaxshi ko`raman, Oyijon!»

Assalomu alaykum, oyijon!

O`n yildan beri Sizga «oyijon» deb murojaat qilaman.  Bir paytlar bu so`zda mening Sizga bo`lgan asl munosabatim aks etmasdi. Yanayam ochiqroq aytadigan bo`lsam, Sizni o`z onamdek ko`rmasdim.

O`g`lingiz bilan sevishib turmush qurganmiz, hamma qaynonadan omading chopdi, aqlli ayol, mahalla xotin-qizlar qo`mitasi raisi, bundaylarning oilasi tinch bo`ladi, derdi. Ammo ilk kunlarda Sizdan juda qo`rqardim. Erimning ko`ngli menda, endi qaynonamning yuragiga yo`l topishim kerak deb o`ylardim. Shuning uchun aytganlaringizni so`zsiz bajarishga, hatto aytmasingizdanoq qilib qo`yishga intilardim. Hamma kelinlar ertalab soat 6 da tursa, men 5 bo`lmasdan ko`cha supurgani chopardim. Faqat o`zimizning emas, qo`shnilarning ham eshigini supurardim. Qaynonam meni deb ko`chadan maqtov eshitib kelsin, derdim. Ammo ilk tanbehni ana shu qo`shnilarni sabab eshitganman Sizdan.

— O`zingizcha qo`shnilarga yaxshi ko`rinaman, deb urinmang. Suv sepayotganingizda qo`shnining darvozasiga sachratibsiz, shuni mahalla ayollari orasida gapirib yuribdi. Mendan bemaslahat ish qilmang!

Shuni yuragimga qattiq olib, ko`zyosh qilib o`g`lingizning dilini xira qilganimni eslasam, uyalib ketaman hozir. Ammo o`shanda yosh edim, ota-onamdan faqat shirin so`z eshitib katta bo`lgan erkatoy...

Birinchi qattiq janjalimiz esa beshik to`yi munosabati bilan chiqdi.

— Oyingiz ortiqcha mayda-chuyda qilib o`tirmay, bitta plazma televizor olib kelaqolsin.

Ammo men buni oyimga aytolmasdim. Chunki qarindoshlarimiz chaqaloqqa kerakli narsalarni sovg`a qilib uyga tashlab ketishgan, onam ularni karnay-surnay bilan olib kelishga tayyorgarlik ko`rayotgandi. Shularni Sizga aytgandim, yana mendan bemaslahat ish qilibsiz, deb urishdingiz. Men qizalog`imni olib uyga ketdim. Ochig`i, ketmasam ham bo`lardi, lekin endi erim men bilan farzandini deydi, bizdan voz kechmaydi degan ishonch bor edi-da ichimda. Ammo bunday bo`lmadi... Bir oydan keyin oyim kelinilk uyimga olib kelib tashlab ketdi. Shundan keyin arazlab ketmaydigan bo`ldim.

Aslini olganda, ko`p narsani Sizdan o`rganganman. Qaynotamga bo`lgan munosabatingiz ibratli edi. Adajonning jahllari chiqqanda Siz hech qachon bir og`iz so`z demasdingiz. Shuningdek, ularga biror marta bepardoz ko`ringaningizni eslolmayman. Bir gal qayntoamning yuraklari xuruj qilib qoldi. Tez yordam chaqirdik. Hamma u kishining atrofida parvona, siz esa ko`zgu oldida yuzingizga upa surayotgandingiz: «Yana «skoriypomosh»dagilar bu ayol buncha o`ziga qaramay yurarkan, erining yuragi bekorga kasal emas ekan-da» deyishmasin», degandingiz o`shanda.

Munosabatlarimizdagi burilish nuqtasi men og`ir betob bo`lib qolganimda ro`y berdi. Shifokorlar bachadon saratoni tashxisini qo`yishdi. Tez orada bachadonimni olib tashlashdi, uzoq muddat nur va kimyo muolajalari oldim. Shunday kunlarda qizimni oq yuvib-tarab o`zingiz qaradingiz. Hatto o`g`lingiz dorilarimga pul topa olmay akalarimga aytmoqchi bo`lganida bilaguzugingizni sotib yuborganingizni, «Nabiram etim bo`lib qolsa, shu bilaguzuklar ko`zimga balodek ko`rinadi» deganingizni eshitib, rosa yig`ladim. Xudoga shukrki, dard chekindi va men oilam bag`riga eson-omon qaytdim.

Meni eng tashvishga solayotgan narsa oilamni saqlab qolish edi. Endi farzand ko`ra olmasdim. Erim bitta qiz bilan o`tib ketadimi, o`g`il qayg`usi bosmaydimi, uni deb o`ylardim. Bir kun Sizga rejamni aytdim:

— Oyijon, farzandingiz o`g`il ko`rishi kerak. Mayli, boshqa ayolga uylana qolsin. Men Sizning yoningizda xizmatingizni qilib yuraveraman. Qizim ota mehridan bebahra qolmasa bo`ldi...

— Bu nima deganingiz? Ayol kishi ham shunaqa tez taslim bo`ladimi? Siz kundosh nimaligini bilasizmi? Menga ham, o`g`limga ham bunaqa qurbonlikning keragi yo`q. O`g`lim siz bilan yashaydi va nabiramni birga katta qilasizlar.

Jahl bilan, qat`iy ohangda aytayotgan bo`lsangiz-da, men hayotimda eshitgan eng yoqimli so`zlar edi bu.

Mana, oradan shuncha yillar o`tdi. Erim bilan tinch-totuv yashayapmiz. Siz hamon baland poshnali tuflida, pardoz-andozli bo`lib, hammaning havasini keltirib yuribsiz. Hech kim Sizni yoshi etmishga yaqinlashib qolgan demaydi. Sizga havas qilaman, Sizni yaxshi ko`raman, Oyijon (endi bu so`zni juda samimiy aytayapman).

Minnatdor KELIN

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1