Namanganning "Navbahor" klubi 44 yoshli Temur Kapanadze jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Klub matbuot xizmatiga ko'ra, mutaxassis rahbariyat bilan kelgusi maqsad va rejalar yuzasidan to'liq kelishuvga erishgan va tomonlar o'rtasida shartnoma imzolangan. Kapanadze bugundan jamoа bilan ishlashni boshlaydi.
Ma'lumot uchun, "Navbahor"ni 2025 yilgi mavsumda Sherzod Jo'rayev boshqargan va jamoа chempionatni 40 ochko bilan 7-o'rinda yakunlagan.
Temur Kapanadze murabbiylik faoliyati davomida O'zbekiston olimpiya jamoasi hamda "Olimpic" klubini boshqargan. 2025 yil boshida Srechko Katanets sog'lig'idagi muammolar sabab iste'foga chiqqanidan keyin u milliy terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangan edi.
Kapanadze bosh murabbiy sifatida O'zbekistonga tarixida ilk bor jahon chempionati yo'llanmasini olib berdi.
Shundan so'ng O'FA 2026 yilgi mundialga italyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan chiqishni ma'qul ko'rgan va Kapanadze jamoada yordamchi murabbiy sifatida qolgan edi. Noyabr oyida u mustaqil faoliyatga qaytish niyatida terma jamoadan ketgan.
Mutaxassisga Indoneziya terma jamoasidan jiddiy qiziqish bo'lgan va bir necha bor muzokaralar o'tkazilgan edi. Biroq Kapanadze yakunda O'zbekistonda qolishni tanlab, "Navbahor" bilan kelishuvga erishdi.






