AsosiyJamiyat

Qashqadaryoliklarga arzon narxlarda 9 ming tonnadan ziyod ko`mir etkazib berildi

Qashqadaryo viloyatida kuz-qish mavsumida aholi, korxona va tashkilotlarning ko`mir mahsulotiga bo`lgan ehtiyojini ta`minlash uchun puxta tayyorgarlik ko`rildi. Viloyat xalq ta`limi, sog`liqni saqlash, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmalariga 24 ming 927 tonna ko`mir etkazib berildi. 9 ming tonnadan ziyod ko`mir aholiga arzon narxlarda sotildi. Yana shuncha miqdordagi mahsulot mavsum uchun omborlarga jamg`arilgan, deb yozadi O`zA. 

“O`zbekko`mir” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Qashqadaryo hududiy ko`mir etkazuvchi” unitar korxonasining viloyat shahar va tumanlardagi olti shoxobchasi faoliyat yuritayotgani joylarda aholining arzon va sifatli ko`mir mahsulotiga bo`lgan ehtiyojini ta`minlashda yaxshi samara bermoqda. Shoxobchalarda ko`mir briketini sotish ham yo`lga qo`yilgan. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 iyuldagi “Respublikada ko`mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori viloyatda ko`mir briketi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonalari ko`payishi, ichki bozorni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan to`ldirishda muhim omil bo`lmoqda. 

Ko`mir briketi tashish, saqlash va foydalanishda juda qulay. Oddiy ko`mir va boshqa qattiq yoqilg`iga nisbatan uzoq yonishi, tarkibida zararli moddalar kamligi, yonib bo`lgandan keyin ham o`zining birlamchi shaklini yo`qotmasligi va boshqa afzalliklari bilan ajralib turadi. 

Ko`mir briketi etkazib berish bilan shug`ullanayotgan tadbirkorlarga bir qator imtiyoz va qulayliklar yaratilgan. Jumladan, bunday korxonalar endi xomashyoni birja orqali emas, balki “O`zbekko`mir” aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma asosida xarid qilmoqda. Aholi va tashkilotlarga etkazib berilayotgan ko`mir briketining sifati doimiy nazoratda. 

Ayni paytda viloyatda o`nga yaqin korxonada ko`mir briketi ishlab chiqarilmoqda. Shahrisabz tumanidagi “Shamaton Brok Treyd”, “Nurov Bahodir Toshkanovich” xususiy korxonalari, “Allong Forward” mas`uliyati cheklangan jamiyati, Qarshi tumanidagi “FAR TIM GOLD”, Qarshi shahridagi “Zamon ko`mir briket” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari kabi korxonalar shular jumlasidandir. Ushbu korxonalarda kuniga o`n tonnadan ziyod briket ishlab chiqarilmoqda.

    Boshqa yangiliklar