AsosiyDunyo

Halok bo`lgan Rossiya elchisining jasadi Moskvaga olib kelindi

Turkiyada otib o`ldirilgan Rossiya elchisi Andrey Karlovning jasadi Moskvaga olib kelindi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.

Aynan shu samolyot bortida rossiyalik tergovchilar turkiyalik hamkasblariga teraktga oydinlik kiritishda yordam berish maqsadida Anqaraga uchgan edi. Moskvaga kelib qo`ngan samolyotni elchining bevasi va onasi, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavushoglu va jurnalistlar kutib oldi.

Terrorchi tomonidan o`ldirilgan elchining jasadi Vnukovo aeroportiga Tu-154 samolyotida, Moskva vaqti bilan soat 20.30 da olib kelindi. Aeroportning hukumat terminali oldida Rossiya bayrog`i tushirildi.

Motam marshi sadolari ostida faxriy qorovullar tobutni ko`tarishdi. Tobut ortidan faxriy qorovul rotasi askarlari, vazirlar va elchining bevasi yurdi. Hukumat terminali oldida tobut taxtasupa ustiga qo`yilib, elchining onasi va bevasi yana bir bora u bilan vidolashdi. Shundan keyin tobut aeroportdan Moskvaga olib ketildi.

Eslatib o`tamiz, 19 dekabr kuni Anqara shahrida o`tkazilayotgan “Rossiya turklar nigohida” nomli ko`rgazmada ishtirok etayotgan Rossiya elchisi Andrey Karlov terrorchi tomonidan otib o`ldirildi. Qurollangan jinoyatchi binoga qo`riqchi qiyofasida kirib, elchiga qarata o`q uzgan.

    Boshqa yangiliklar