Rossiyalik mashhur aktrisa Vera Alentova 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda u 60 yildan ortiq xizmat qilgan Pushkin nomidagi Moskva teatri ma'lum qildi.
OAV xabarlariga ko'ra, Alentova payshanba kuni teatrda bo'lib o'tayotgan xayrlashuv marosimi chog'ida o'zini yomon his qilgan. Shifokorlar uni qutqarishga uringan, ammo harakatlar samara bermagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, o'lim sababi o'tkir yurak yetishmovchiligi bo'lgan.
Vera Alentova o'nlab film va seriallarda rol ijro etgan bo'lib, unga eng katta shuhrat 1979 yilda suratga olingan "Moskva ko'z yoshlarga ishonmaydi" filmi orqali kelgan. Ushbu kartina 1981 yilda "Oskar" mukofotiga sazovor bo'lgan.
Aktrisa mashhur rejissyor Vladimir Menshovning rafiqasi bo'lgan. Ular qariyb 60 yil turmush qurib yashagan. Ularning qizi — aktrisa va teleboshlovchi Yuliya Menshova.






