G'azo sektorining markazida joylashgan Dayr al-Balah shahriga Isroil tomonidan uyushtirilgan aviahujum oqibatida uch nafar falastinlik, jumladan bir nafar bola halok bo'ldi. Bu haqda G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, havo zarbasi 29 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:30 atrofida amalga oshirilgan. Isroil armiyasi mazkur hududga havo hujumi uyushtirilganini tasdiqlagan, biroq operatsiya tafsilotlari yuzasidan qo'shimcha ma'lumot bermagan.
G'azo Sog'liqni saqlash vazirligiga ko'ra, Dayr al-Balah shahri HAMAS nazorati ostidagi hududlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda Isroil G'azo sektorining taxminan 60 foizini nazorat qilib turibdi.
Vazirlik ma'lumotida aytilishicha, 27 iyun kunidan buyon Isroil harbiylari tomonidan amalga oshirilgan hujumlar natijasida kamida 12 nafar falastinlik halok bo'lgan. Qurbonlar orasida sakkiz nafar erkak va to'rt nafar bola bor.
Shuningdek, Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi Isroil tomonidan bosib olingan G'arbiy sohildagi Al-Bira shahrida o'tkazilgan reyd chog'ida bir nafar falastinlik o'smir otib o'ldirilganini ma'lum qildi.
Isroil armiyasi ushbu holat yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini bildirib, harbiylar ularga tosh otganlikda gumon qilingan shaxsga nisbatan o'q uzganini qayd etgan.
Ma'lum qilinishicha, Isroil o'tgan yil oktyabr oyida AQSh vositachiligida HAMAS bilan erishilgan o't ochishni to'xtatish to'g'risidagi kelishuvdan keyin ham G'azo sektoriga bir necha bor havo hujumlarini amalga oshirgan.
Keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, o't ochishni to'xtatish tartibi amal qilgan sakkiz oy mobaynida G'azoda 1045 nafar falastinlik va to'rt nafar isroillik harbiy halok bo'lgan.






