Rasmiy bayonotda sportchining o‘lim sababi ochiqlanmagan. Biroq Olimpiya o‘yinlari rasmiy sayti va bir qator OAV xabarlariga ko‘ra, Izabel Marsinyak limfogranulomatoz – limfa tizimining onkologik kasalligi bilan kurashib kelgan.
Federatsiya marhumaning oila a’zolari, yaqinlari hamda butun gimnastika jamoatchiligiga chuqur hamdardlik bildirdi. Qayd etilishicha, uning sportga bo‘lgan muhabbati va qisqa, ammo yorqin faoliyati ko‘plab yosh sportchilar uchun ilhom manbai bo‘lib qoladi.
Izabel Marsinyak 2021 yilda Braziliya chempionatida o‘smirlar o‘rtasida individual ko‘pkurash hamda to‘p bilan mashqda chempionlikni qo‘lga kiritgan. U “Agir” klubida faoliyat olib borgan, biroq 2023 yilda sog‘ligi sabab sportni vaqtincha tark etishga majbur bo‘lgan.






