AsosiySiyosat

Oʻzbekiston iqtisodiyoti texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtmoqda

Yurtimizdagʻi qulay biznes muhiti, demografik oʻsish, inson kapitaliga berilayotgan eʻtibor – Oʻzbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.

'Oʻzbekiston iqtisodiyoti texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtmoqda'ning rasmi

Bugun jahon iqtisodiy maydonida raqobat tobora kuchayib borayotgan sharoitda davlatlarning barqaror rivojlanishi, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiyamat yaratadigan, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarga tayangan iqtisodiy modelga bog‘liq bo‘lmog‘da. Shu bois milliy iqtisodiyotni samaradorlik, raqobatbardoshlik hamda texnologik yangilanish asosida rivojlantirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. Bu yo‘lda sanoatni modernizatsiya qilish, mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini oshirish, investitsiya hamda innovatsiyalarni keng jalb etish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik o‘sish, inson kapitaliga berilayotgan e‘tibor – O‘zbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmog‘da.

Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Bundan buyon, har bir dollar investitsiya, eng avvalo ilg‘or texnologiyalar va ularning transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiyamatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga va mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerak.

Davlat rahbari sanoatni yangi texnologik bosqichga olib chiqish va qo‘shilgan qiyamat zanjirini kengaytirishga qaratilgan rivojlantirish dasturi ishga tushirilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, kelgusi besh yilda sanoatda yaratiladigan qo‘shilgan qiyamat hajmini 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollargacha oshirish, shuningdek, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlar mahsulotlari ishlab chiqarishini 2,5 barobarga ko‘paytirish maqsad qilib olingan.

Bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, 2026 yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi (buni 20 milliard dollari xorijiy investitsiya).

Kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi. Masalan, Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha 320 million dollarlik loyiha (3-chi navbati) ishga tushirilib, qo‘shimcha 2 million tonna ma’dan qayta ishlanadi.

Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalar amalga oshiriladi. Natijada yiliga 18 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030 yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga etkaziladi.

Umuman olganda, 2026 yilda yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilab olindi. Xususan, kimyo sanoatida 4,5 milliard dollarlik, tog‘-kon metallurgiya, neftgaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollardan, elektrotexnikada 2 milliard dollarlik hamda farmatsevtikada 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, 2026 yilda jami eksportimizni 40 milliard dollarga etkazib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushini 55 foizdan (hozir 50 foiz) oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida taklif etilayotgan islohot va yirik investitsion tashabbuslar milliy iqtisodiyotni yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga qaratilgan. Sanoat tarmoqlarida quvvatlarni kengaytirish, eksportbop mahsulotlar ulushini oshirish, mehnat va energiya samaradorligini yuksaltirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqaror manbalari yaratiladi. Bu esa 2030 yilgacha mamlakatimizni raqobatbardosh, investitsiya uchun jozibador va yuqori daromadli iqtisodiyotga ega davlatlar qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar