Malayziya sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Najib Razzoqni 1MDB davlat jamg‘armasidan mablag‘larni talon-toroz qilish va pul yuvishda aybdor deb topib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Qo‘shimchasiga, u 13,5 milliard ringgit (2,8 milliard dollar) miqdorida jarimaga ham tortildi. Bu haqda BBC yozmoqda.
72 yoshli sobiq siyosatchi vakolatini suiiste’mol qilish va qariyb 569 million dollar (2,3 mlrd ringgit) miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblanmoqda. 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud Najibni 4 ta vakolatni suiste’mol qilish va 21 ta jinoyiy daromadlarni legalashtirish moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi. Qonunchilikka ko‘ra, jazolar bir vaqtning o‘zida o‘talanadi.
Najib Razzoq 2022 yildan beri 12 yillik boshqa bir korrupsiya ishi bo‘yicha qamoq jazosini o‘tamoqda. 2024-yilida uning jazo muddati 2 barobarga qisqartirilgan edi. Shu haftada sud uning qolgan muddatni uy qamog‘ida o‘tash haqidagi iltimosini rad etgan edi.
Mojaro tarixidan
1MDB (1Malayziya Development Berhad) mojarosi dunyodagi eng yirik korrupsiyaviy sxemalardan biri hisoblanadi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, davlat jamg‘armasidan jami 4,5 milliard dollar o‘g‘irlangan. Sobir bosh vazir bu pullarni “Saudiya qirolining hadyasi” deb oqlashga urinsa-da, sud bu vazni asossiz deb topgan.
Mazkur sud hukmi Malayziya siyosatida katta aks-sado bermoqda. Amaldagi hukumat vakillari bu qaror hatto mamlakatning “birinchi raqamli” rahbarlari ham qonun oldida javob berishini ko‘rsatuvchi muhim ishora ekanini ta’kidlamoqda. Ma’lumot o‘rnida, Najib Razzoqning rafiqasi Rosma Mansur ham poraxo‘rlikda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.





