2016 yilning 20 dekabr kuni O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashining navbatdan tashqari Majlisi bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda Federasiya matbuot xizmati.
Unda Federasiya Kengashi a`zolari va mas`ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamda hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari raislari ishtirok etdi.
Majlisni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari T.Narbaeva olib bordi.
Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashining navbatdan tashqari yig`ilishida tashkiliy masala ko`rildi.
2010 yil 21 dekabrdan O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Narbaeva Tanzila Kamalovna 2016 yil 14 dekabrda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – Xotin-qizlar qo`mitasi raisi lavozimiga tasdiqlangani munosabati bilan “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ Bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Rafiqov Qudratilla Mirsagatovich O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi etib saylandi.
Rafiqov Qudratilla Mirsagatovich mehnat faoliyati davomida qator davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
1993-1998 yillarda O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi raisi muovini, 1998 yildan 2003 yilgacha Jizzax viloyati kasaba uyushmalari Kengashi raisi lavozimida faoliyat ko`rstagan.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Aripov Abdulla Nigmatovich, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Davron Abitovich Nazarmuhammedov ishtirok etdi.