Eronda 12 kundan beri davom etayotgan ommaniy norozilik chiqishlari ortidan mamlakatda internet trafigi deyarli to‘liq o‘chirildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari niqob taqqan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. OAV tarqatgan videolarda esa Tehron ko‘chalarida yonib turgan politsiya avtomobillari aks etgan. Shuningdek, Mashhad, Kirmonshoh va boshqa yirik shaharlarda ham ommaniy norozilik namoyishlari kuzatilgan.
Britaniyada joylashgan NetBlocks tashkiloti Eron hukumati aholi uchun internetdan foydalanishni to‘liq cheklaganini ma’lum qilgan. Mamlakat "deyarli umumxalq internet uzilishi" holatiga tushgan. Cloudflare IT-kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 8 yanvar kuni Eronda internet-trafik qariyb 90 foizga kamaygan. Ayrim taxminlarga ko‘ra, internetdan erkin foydalanish faqat mansabdorlar va kuch tuzilmalari vakillarida saqlanib qolgan.
AQSh Prezidenti Donald Trump "Salem News Channel" telekanaliga bergan intervyusida Tehron rahbariyatiga nisbatan avval bildirilgan tahdidlarini yana takrorlagan. Uning aytishicha, agar Eron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishni boshlasa, AQSh keskin choralar ko‘radi. Trump eronliklarni "jasur xalq" deb atab, uning ma’muriyati vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan.
Norvegiyaning Iran Human Rights (IHR) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, noroziliklar boshlanaganidan beri kamida 45 nafar namoyishchi halok bo‘lgan. Ular orasida sakkiz nafar voyaga yetmaganlar ham bor.
Ma’lumot uchun, Eronda ommaniy namoyishlar 28 dekabrdan buyon davom etmoqda. Noroziliklar Tehrondagi markaziy bozorda boshangan bo‘lib, ko‘plab do‘kon egalari giperinflatsiya va narxlarning keskin oshishiga qarshilik sifatida savdo shoxobchalarini yopgan.
29 dekabr kuni Eron milliy valyutasi — rial tarixiy minimum darajaga tushdi. Bir rial taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘lgan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida mamlakatda oziq-ovqat inflatsiyasi 64,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Eron antireytingda faqat Janubiy Sudanidan keyingi o‘rinni egallagan.






