8 yanvar kuni Quvaytda Frantsiya Superkubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Pari Sen-Jermen” va “Marsel” klublari o‘zaro bahs olib bordi.
Uchrashuvning 13-daqiqasida Usmon Dembele hisobni ochdi va PSJ birinchi bo‘limni minimal ustunlik bilan yakunladi.
Ikkinchi bo‘limda “Marsel” faollashdi. 76-daqiqada Meyson Grinvud hisobni tenglashtirdi, 87-daqiqada esa Vilyan Pacho avtogoli evaziga marselliklar oldinga chiqib oldi. Biroq asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Gonzalo Ramos gol urib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib chiqdi.
Penaltilar seriyasida “Pari Sen-Jermen” 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Frantsiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa PSJ ushbu sovrinni 14-marta qo‘lga kiritib, musobaqa tarixidagi eng muvaffaqiyatli klub sifatidagi yetakchiligini mustahkamladi. Klub eng yaqin ta’qibchisi “Lyon”dan bu ko‘rsatkich bo‘yicha ancha ilgarilab ketgan.






