AsosiyJAMIYAT

TIV Malayziyada o‘lim jazosiga hukm qilingan uch nafar o‘zbekistonlik taqdiriga oydinlik kiritdi

Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun belgilangan imtiyozlar hisobga olinsa, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

'TIV Malayziyada o‘lim jazosiga hukm qilingan uch nafar o‘zbekistonlik taqdiriga oydinlik kiritdi'ning rasmi

Malayziyada giyohvandlik vositalari kontrabandasida ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan uch nafar O‘zbekiston fuqarosining jazosi 30 yillik qamoq jazosi bilan almashtirilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat 2010 yil sentyabr oyida sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarolari N.S., N.D. va J.J. Kuala Lumpur xalqaro aeroportida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasini olib o‘tishga uringan vaqtda Malayziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan. Keyinchalik sud ularni o‘lim jazosiga hukm qilgan.

TIVga ko‘ra, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi 2013, 2014, 2016 va 2020 yillarda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi hamda mamlakat qiroli nomiga ularni afv etish bo‘yicha bir necha marta rasmiy murojaat kiritgan.

Qayd etilishicha, 2018 yilda Malayziyada o‘lim jazosini qo‘llashga moratoriy joriy etilgan. Shuningdek, 2024 yil 18 martdan kuchga kirgan qonun asosida Malayziya Oliy sudi mazkur uch nafar o‘zbekistonlikka nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosini 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirgan.

Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun belgilangan imtiyozlar hisobga olinsa, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Hozirda ular Malayziyaning Selangor shtatidagi Kajang qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ular bilan muntazam konsullik uchrashuvlari o‘tkazilib, zarur huquqiy va konsullik ko‘magi ko‘rsatib kelinmoqda.

    Boshqa yangiliklar