AsosiyJamiyat

2017 yilda qishloq joylarda zamonaviy arzon uylar qurish uchun 2,1 trillion so`m yo`naltiriladi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida "Qishloq qurilish bank" tomonidan "Mustaqillik obidalari: namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish borasida erishilgan natijalar, tajriba, amaliyot va muammolar" mavzuida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. 

Unda qishloq joylarda mavjud namunaviy loyihalarga qo`shimcha ravishda xo`jalik imoratlari va obod hovlilari bo`lgan ikki, uch qavatli ko`p kvartirali, aholi zich joylashgan tumanlarda hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo`lgan er uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2-3 xonali, hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo`lgan er uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali arzon uylarning yangi namunalari qurilishi boshlangani ma`lum qilindi.

Yangi dastur bo`yicha birinchi va ikkinchi turdagi er uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli uylarni quruvchilar uchun boshlang`ich badal 15 foizni tashkil etadi, deydi "Qishloq qurilish bank"ning boshqarma boshlig`i Dilshod Hasanov. 

Ularni moliyalashtirishga 2017 yilda 2 trillion 121,5 milliard so`m yo`naltiriladi. Uy-joylarning birinchi turi bo`yicha uch yoki to`rt yo`lakli ikki va uch qavatli ko`p kvartirali uylarda ikki xonali kvartiralarning qiymati 72-85 million so`m bo`lishi rejalashtirilmoqda. Uch xonali kvartiralarning qiymati 88,5-100,7 million so`m atrofida bo`ladi. 

Uy-joylarning ikkinchi turiga muvofiq aholi zich joylashgan tumanlardagi bir qavatli ikki va uch xonali arzon uylarning qiymati 93,8-101,5 million, uch xonali uylarning narxi 111,0-118,7 million so`m bo`lishi mo`ljallanmoqda. Uy-joylarning uchinchi turida yagona blokka birlashtirilgan ikki qavatli to`rt xonali uylar quriladi. Ularning qiymati 162,0-181,8 million so`mni tashkil etadi. 

Ko`rsatib o`tilgan ko`p kvartirali uylarni qurishda kvartiralar egalarining ehtiyojlarini qondirish maqsadida hovlida bolalar maydonchalari, dam olish uchun ayvonlar, dush va boshqalar barpo etish nazarda tutiladi. Qishloq joylarda arzon uy-joylarni qurishda talabgorlarni tanlab olish fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan oilalarni dastlabki tanlash bo`yicha tizimning ochiqligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshiriladi. 

Matbuot anjumanida jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Boshqa yangiliklar