Birlashgan Arab Amirliklarida tinchlik, ijtimoiy adolat va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan nufuzli “Insoniy birodarlik” (Zayed Award for Human Fraternity) mukofotining 2026 yilgi sovrindorlari e’lon qilingan edi. Bu yil mukofot Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tarixiy tinchlik kelishuvi hamda inson huquqlari himoyachisi Zarqa Yaftaliga nasib etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, mukofot hakamlar hay’ati tarkibida Markaziy Osiyodan yagona vakil bo‘lgan Saida Mirziyoyeva sovrindorlarni tabrikladi.
“Shayx Zoid nomidagi ‘Insoniy birodarlik’ xalqaro mukofoti hakamlar hay’atida ishtirok etish va 2026 yilgi mukofot sovrindorlarini chin dildan tabriklash men uchun katta sharaf. Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida erishilgan tinchlik kelishuvi hatto uzoq yillar davom etgan murakkab nizolarni ham hal etish mumkinligini yaqqol namoyon etdi”, — deydi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, u afg‘onistonlik huquq himoyachisi Zarqa Yaftalining faoliyatini alohida e’tirof etib, uning qizlarning ta’lim olish huquqini himoya qilish yo‘lidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlari butun jamiyatlar kelajagini o‘zgartirishga qodir ekanligini ta’kidladi.
“Men uchun tinchlik ham, qizlarning ta’limga bo‘lgan huquqlari ham jamiyatlarning barqarorligi va taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan muhim qadriyatlardir”, — deydi Prezident administratsiyasi rahbari.
Ma’lum qilinishicha, mukofotni topshirish marosimi 2026 yil 4 fevral kuni BMT tomonidan belgilangan Xalqaro inson birodarligi kunida bo‘lib o‘tadi.






