Mushtariylarning savollariga oliy toifali akusher-ginekolog Nilufar Abdullaeva javob beradi
Toshmalar xavfli emasmi?
— Shu kunlarda jinsiy a`zom lablariga husnbuzarga o`xshash toshmalar toshyapti. Sababi nimada bo`lishi mumkin?
Anora, Buxoro shahri
— Jinsiy a`zolardagi toshmalar yuqumli infeksiyalar, gerpes yoki papilloma virusi sabab yuzaga kelishi mumkin. Toshmalar boshqa a`zolarga tarqalib ketmasligi uchun albatta teri-tanosil kasalliklari shifokoriga ko`rining. Shifokor ko`rsatmasiga ko`ra bachadondan surtma olinib, TORCH infeksiyalari mavjudligi va darajasi tahlil qilinadi. Uning natijalariga ko`ra infeksiyaga qarshi preparatlar hamda immun tizimini mustaxkamlovchi muoalaja usullari buyuriladi. Muoalajalarni o`z vaqtida olsangiz, toshmalardan xalos bo`lishingiz mumkin.
Eroziyani uyda davolamoqchi edim…
— Yoshim 41 da. Ayting-chi, bachadon bo`yni eroziyasini uy sharoitida davolash mumkinmi? Oddiy usullardan tavsiya etsangiz.
Farog`at, Toshkent viloyati
— Bachadon bo`yni eroziyasining xavfli asoratlarga olib kelish ehtimoli sabab uy sharoitida davolash tavsiya etilmaydi. Faqat shifokor kasallik darajasiga ko`ra davo choralarini belgilashi mumkin. Eroziya avj olmasligi uchun onko-ginekologga uchrab, o`zingizni tekshirtiring. Hozirda bachadon bo`yni eroziyasini davolashda turli muolaja usullari: preparatlar, kichik voltli elektr toklari bilan kuydirish qo`llanilmoqda. Muoalajani qancha erta boshlasangiz, natijasi shunchalik ijobiy bo`ladi.
13 yil shifokorga ko`rinmadim…
— Yaqinda 47 ga to`ldim. Bundan 13 yil avval bachadonimga homiladorlikdan saqlanish vositasi (spiral) qo`ydirgandim. O`shandan buyon biror marta ham ayollar shifokoriga ko`rinmadim. Eshitimcha, spiral uzoq vaqt almashtirilmasa, teriga birikib ketar ekan.
Nilufar, Yuqori Chirchiq tumani
– Tug`ruqdan so`ng bachadonga homiladorlikdan saqlanish vositasi (spiral) qo`yilgan bo`lsa, har uch oyda ayollar shifokori ko`rigidan o`tish, har besh yilda uni almashtirib turish tavsiya etiladi. Ba`zida spiralning noto`g`ri joylashishi, joyidan qo`zg`alishi yoki bachadondagi surunkali yallig`lanishlar asorati uning teriga singib ketishiga sabab bo`lishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida belgilangan tartibda ko`riklardan o`tish kerak. Maslahatim ayollar shifokoriga uchrang-da, spiralni oldiring. Bachadondagi yallig`lanish va infeksiyalar ta`sirini kamaytarish uchun 10 kunlik muolajalarni qabul qiling. Ana shundan so`ng shifokor ko`rigidan o`tib, qayta spiral qo`ydirishingiz yoki istalmagan homiladorlikdan saqlanishning boshqa usullariga murojaat qilishingiz mumkin.
Samira ULUG`BEKOVA





