Xabaringiz bor, joriy yilning 13-16-dekabr kunlari “Yoshlar haftaligi” doirasida, “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan “ PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar II Respublika festivali tashkil etildi. Festivalda ishtirok etish maqsadida mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi professional va havaskor yosh kinoijodkorlar tomonidan 100ga yaqin arizalar kelib tushdi.
“PROlogue” festivali doirasidagi namoyishlar 13-15-dekabr kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da o`tkazildi. Filmlar namoyishlariga 2 ming nafardan ortiq yoshlar tashrif buyurishdi. Festival dasturidagi qisqa metrajli filmlarni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor Bahodir Odilov, kinoshunoslar Elmira Hasanova, Feruza Nodirova, “E`tirof-2015” sovrindori, aktrisa Yulduz Rajabova, operator Dilmurod Turdiboev, aktyor Alisher Uzoqovdan iborat Hakamlar hay`ati a`zolari ko`rib chiqib, baholab bordilar.
Festivalning asosiy dasturida namoyish etilgan 16ta qisqa metrajli filmlar Hakamlar hay`ati tomonidan ko`rib chiqilib, quyidagilar 4ta asosiy va 3ta qo`shimcha yo`nalish bo`yicha taqdirlanishdi:
“Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film” uchun bosh sovrin “Mehmon” filmiga berildi (ssenariy muallifi: Doston Rahmatullaev, O`ktam G`ulomov; rejissyor: Abduazim Ilhomjonov; operator: Husan Aliev, Shokir Nabiev).
“Eng yaxshi ssenariy” sovrini “Mening dunyoim” filmi ssenariy muallifi Saidpo`lat Hakimovga topshirildi.
“Eng yaxshi rejissyorlik ishi” sovriniga “Cho`ldagi kemalar” filmi rejissyori Olga Xan loyiq ko`rildi.
“Eng yaxshi operatorlik ishi” sovrini bilan “Tinchlik sohili” filmi ijodkorlari Muxlisa Azizova, Jamshid G`aniev taqdirlanishdi.
Hakamlar hay`atining maxsus sovrini «Hurriyat qurbonlari» (Sanjar Sultonov, Hasan Aliev) va «Mehr» (Hasan Alijonov) filmiga topshirilgan bo`lsa, «Tomoshabin mehrini qozongan film» mukofoti bilan «Bizni tushunishmaydi» (Shokir Holiqov) hamda «Adabiy asarning eng yaxshi kinotalqini» mukofoti bilan «Adolat» (Aziz Arzikulov) filmi ijodkorlari taqdirlanishdi.
Shu bilan birga, “O`zbekkino” Milliy agentligi rahbariyatining tashabbusi bilan «Yursak deymiz izingizdan, Ustozlar» nomli maxsus nominatsiya ta`sis etilib, ushbu mukofot O`zbekiston san`at arbobi, O`zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati ordeni” sohibi Shuhrat Abbosovga topshirildi.
Tadbir so`ngida kinoaktyorlar Muhammadiso Abdulhairov, Bobur Yo`ldoshev, Adiz Rajabov, Asal Shodieva, Zarina Nizomiddinova va Akbarxo`ja Rasulov ijrosida Muhammad Yusuf she`ri bilan “Ulug`imsan Vatanim” qo`shig`i zalga yig`ilgan tomoshabinlar bilan birga kuylandi.
Festival doirasida O`zbek kinosan`ati muzeyida ochiq eshiklar kuni, Toshkent shahridagi bir qator kollejlarda “O`zbek milliy kino kunlari” tadbirlari, shuningdek, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan, Abduvohid G`aniev rejissyorligida suratga olingan “Ustyurtga yo`l” hamda “O`zbekfilm” kinostudiyasida rejissyor Abduhalil Mignarov suratga olgan “Zurriyot” nomli badiiy filmlarning taqdimotlari o`tkazilib, festival ishtirokchilari bilan muhokama qilindi, Kinoaktyor teatr studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “To`maris” spektakli namoyish etildi, mahorat saboqlari o`tkazildi.
Alohida ta`kidlab o`tish lozim, festivalda ishtirok etgan filmlar jamlanib, maxsus katalog va DVD to`plam shaklida tayyorlanadi hamda Xalqaro kinofestivallarga tavsiya qilinadi.
“PROlogue” kinofestivali doirasidagi tadbirlarda jami 3 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.