TASS tanishib chiqqan hujjatga ko‘ra, Rossiya Mehnat kodeksiga kiritilayotgan tuzatishlar xorijiy ishchi kuchini jalb etishni nafaqat federal, balki hududiy darajada cheklash imkoniyini ham nazarda tutadi. Endilikda Rossiya Federatsiyasi sub’yektlari hokimiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlar ham migrantlar bilan mehnat munosabatlarini tugatish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish materiallarida qayd etilishicha, 2025 yilda Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Novgorod va Nijniy Novgorod viloyatlarida patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolar mehnatidan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida foydalanish taqiqlangan.
Shu paytgacha ish beruvchilar huquqiy noaniqlikka duch kelgan: hududiy taqiqlarga rioya qilmamaslik 1 million rublgacha jarima yoki faoliyatni to‘xtatib qo‘yishga olib kelishi mumkin edi, biroq xorijiy xodimni ishdan bo‘shatish noqonuniy deb topilishi havfi ham mavjud bo‘lgan.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar mazkur huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish hamda mehnat qonunchiligini migratsiya bandligini hududiy tartibga solish amaliyotiga moslashtirishga qaratilgan.






