AsosiyJAMIYAT

Surxondaryoda shifokor va bemorni kaltaklagan Alfa guruhi a'zolariga hukm o'qildi

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchilardan ikki nafari 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

'Surxondaryoda shifokor va bemorni kaltaklagan Alfa guruhi a'zolariga hukm o'qildi'ning rasmi

Surxondaryo viloyatida shifoxonada shifokor va bemorga hujum qilgan Alfa jinoiy guruhi a'zolariga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo'yicha Denov tuman sudi hukmida ma'lum qilingan.

Tergov materiallariga ko'ra, guruh a'zolari yo'l-transport hodisasida jabrlangan tanishini ko'rish uchun shifoxonaga kelib, u yerda janjal ko'targan. Oqibatda ular shifokor hamda ikkinchi avtomobil haydovchisini do'pposlagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Sudda aniqlanishicha, 28 yoshli S.X. va uning sheriklari oson daromad topish maqsadida jinoiy guruh tashkil etib, bezorilik, tovlamachilik va boshqa noqonuniy harakatlar bilan shug'ullangan.

Xususan, holatlardan birida ular fuqarolardan birini majburan avtomobilga o'tqazib, undan 2 ming 500 AQSh dollari talab qilgan. Shuningdek, jabrlanuvchining Labo rusumli avtomobili kalitlari va hujjatlarini ham tortib olgan.

Sud hukmiga ko'ra, ayblanuvchilardan ikki nafari 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir sudlanuvchiga 5 yil, qolgan ikki nafariqa esa 5 yil 1 oydan qamoq jazosi tayinlangan.

    Boshqa yangiliklar