Ular 200 ming dollar oldindan olingan vaqtda qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi, 1953-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marta sudlangan ayol 1982-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til birlashtirgan.
Ular Yunusobod tumani hududidagi tadbirkorlik sub’ektiga tegishli, ammo hozirda taqiqda turgan 2 gektar noturar yer maydonini 9 million AQSh dollariga sotishga kelishgan.
Gumonlanuvchilar mansabdor tanishlari orqali yer hujjatlarini rasmiylashtirib, uni turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Ular xaridordan 200 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






