AsosiyJamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoev Qozog`iston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 dekabr kuni Qozog`iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Idrisovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh Qozog`iston rahbariyati va xalqini tarixiy sana – davlat mustaqilligining 25 yilligi bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.

O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasida qaror topgan va chuqur tarixiy ildizlarga ega ishonchli va samarali munosabatlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob berishi va o`zaro hamkorlikning barcha yo`nalishlarida bugun jadal rivojlanayotgani ta`kidlandi.

Qozog`iston tashqi ishlar vaziri samimiy qabul uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbariga va O`zbekiston xalqiga Prezident Nursulton Nazarboevning chuqur hurmat va ehtiromini etkazdi.

Erlan Idrisov davlatimiz rahbarini Prezident saylovida ishonchli g`alaba qozongani bilan yana bir bor muborakbod etib, saylovda O`zbekiston xalqi mamlakatni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar izchil davom ettirilishini keng qo`llab-quvvatlashini butun dunyoga namoyon etganini ta`kidladi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz yaqin qo`shni va vaqt sinovidan o`tgan hamkorlar sifatida O`zbekiston va Qozog`istonda, butun Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashdan, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot va farovonlikdan birday manfaatdor ekani qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, Qozog`istonning 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik kengashining muvaqqat a`zosi etib saylangani va bu O`zbekiston tomonidan keng qo`llab-quvvatlangani Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarini global miqyosda himoya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Suhbat chog`ida tomonlar O`zbekiston – Qozog`iston munosabatlariga oid, avvalambor, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya sohalarida hamkorlikning barcha yo`nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Xususan, savdo sohasida yirik sheriklar bo`lgan O`zbekiston va Qozog`iston 2016 yilning birinchi yarmida o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,079 milliard AQSh dollaridan oshgani e`tiborga olinib, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishga tayyor ekani ta`kidlandi.

Tomonlar ikki va ko`p tomonlama serqirra hamkorlikning bugungi darajasidan mamnuniyat bildirib, 1998 yil 31 oktyabrdagi abadiy do`stlik va 2013 yil 14 iyundagi strategik sheriklik to`g`risidagi davlatlararo shartnomalar ruhida o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdilar.

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar