AsosiySIYOSAT

Mirziyoyev va Kavelashvili muzokara o‘tkazdi

Nimalar kelishib olindi?

'Mirziyoyev va Kavelashvili muzokara o‘tkazdi'ning rasmi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahrida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili bilan muzokara o'tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport, energetika, turizm va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Bugun, 2 iyul kuni Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining rasmiy muzokaralari bo'lib o'tdi.

Muzokaralar chog'ida O'zbekiston va Gruziya o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul uchun Mixail Kavelashviliya minnatdorlik bildirib, O'zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi so'nggi 23 yil ichida birinchi marta amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Uchrashuvda keyingi yillarda parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o'rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani qayd etildi. 2025 yil yakunlariga ko'ra, ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshash hajmi 270 million dollarga etgan. Qo'shma korxona va loyihalar soni ham ortib bormoqda.


Shuningdek, O'zbekistonda Gruziyaning yirik moliyaviy institutlaridan biri — “TBC Bank” muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani, Toshkent, Tbilisi va Batumi o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani, joriy yil mart oyida esa Toshkentda Gruziya madaniyati kunlari o'tkazilgani qayd etildi.
Tomonlar o'zaro savdo hajmini oshirish, xususan, Poti va Batumi portlarining tranzit salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

Bundan tashqari, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo'jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilini rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelishga taklif qildi.

    Boshqa yangiliklar