AsosiySiyosat

Prezident Quvasoydagi keramogranit zavodi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi Crown Ceramic qo‘shma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

'Prezident Quvasoydagi keramogranit zavodi faoliyati bilan tanishdi'ning rasmi

Mazkur korxona yiliga 8 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, loyiha doirasida 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash va 35 million dollarlik eksport amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu yerda xomashyoning 97 foizi mahalliy manbalardan olinadi.

Ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy texnologiyalar asosida to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, energiya tejamkor uskunalar joriy etilgan. Shuningdek, ekologik talablarga muvofiq changni tozalash tizimlari va suvni qayta ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifat jihatidan xalqaro bozorda raqobatlasha olishi ta’kidlandi. Joriy yil boshidan buyon mahsulotlar Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilingan, kelgusida eksport geografiyasini yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari korxona faoliyatini ko‘zdan kechirar ekan, bunday loyihalar mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

    Boshqa yangiliklar