1

«Qaynonalik qilgan qaynsinglim»

Mutolaa 24.12.2016, 12:47
Teglar: SUGDIYONA
«Qaynonalik qilgan qaynsinglim»

Zebo, singiljonim, balkim sizga yozgan xatimga ko`z yugurtirarsiz. Nogohon o`zingizni tanib, «Kelinoyim ustimdan arz qilibdi-da», deb jig`ibiyron ham bo`larsiz. Ammo meni tushunishingizni istardim. To`rt yildan beri sizdan buni biror marta iltimos qilmadim. Chunki kelinlik boshingizga tushmagan edi. Endi meni tushunsangiz, sizning ham hech tinchimayotgan hayotingiz iziga tushib ketar degan umiddaman...

Ilk araz

To`yimizdan oldin birga bozorga borganimiz hech esimdan chiqmaydi. O`shanda kelinoyim “Kuyovning singlisi pishiqqina ekan. Nima qilsangiz ham avvalo shu qiz bilan til topishing” deb to`g`ri aytgandi. Bozorda faqat o`zingiz tanlagan kiyim-kechaklarni xarid qilganmiz o`shanda. Menga nimadir yoqsa, darrov gapimni bo`lib, didimga o`zingizcha baho bergansiz. Men esa qaynsingil deganlari shunaqa bo`larkan-da, deb indamay izingizdan ergashib yurganman. Vaholanki, o`zim ham ikki yangali edim. To`yimiz kuni qovog`ingiz ochilmagan. Bir kelib fatamni to`g`irladingiz, bir kelib dugonalarimga aql o`rgatdingiz. Hammasini akasi uchun yonib-kuyishga yo`ydim o`zimcha. Kelinsalomda xolalaringiz qaynonamga qarab, “Bir qizingiz ikkita bo`ldi”, deganida arazlab salomxonadan chiqib ketganingizni keyin videoda ko`rib hayron qoldim. Qaysidir qarindoshimiz chaqiriqqa chaqirsa, nima kiyib borishimgacha hal qilardingiz. O`qiyotgan, mendan bir yosh katta bo`lganingiz sabab maslahatlaringizga so`zsiz amal qildim. Akangizning ishi va bizning o`qishimiz poytaxtdaligi sabab uchalamiz shahri azimga qaytdik. Shundan boshlab, o`zingizga qanday tuyulgan bilmadim-u, menga qaynsingillik emas, qaynonalik qila boshladingiz...

Uloqtirilgan sovg`alar

Yangi kelinman, tilingizni topay deb, sarpomga qilingan ortiqcha pardoz buyumlarini sovg`a sifatida sizga berdim. Rahmat dedingiz. Olganingiz uchun boshim tog`dek ko`tarildi. Ammo bir kuni bilmadim kimga, “Akam uylanaman deb turib oldi-da, bo`lmasa, dugonam Nafosni kelin qilmoqchi edim”, deganingizni eshitdim-u, ichimda rashkmi yoyinki qandaydir xo`rlikmi uyg`ondi. Zebo, to`g`ri tushuning. O`sha kuni  akangizdan Nafosning kimligini so`rash niyatim yo`q edi. Men ham yosh edim. Hali kelin bo`lganimga ikki oy to`lmagandi. Sizning bu gapingiz yuragimni teshib o`tgandi. Oddiygina misol, ishxonada yoki o`qishda sizdan ko`ra boshqa birovni o`rningizga munosib ko`rishlarini eshitib qolsangiz, xafa bo`lmaysizmi? Kelinlik, rafiqalik esa bu faqat ma`lum bir vaqt bajariladigan vazifa emas-ku. Taqdir in`om etgan maqom u! Yana bilasiz, akangizning jahli tez. Ustiga-ustak, o`zi suyub, muhabbati uchun kurashib menga uylangan. Bu gapimni eshitib, chidab turolmadi. Sizga tanbeh berdi xolos: “Bo`lar-bo`lmas gaplarni gapirma”. O`shanda miq etmadingiz. Ovqat suzilgan edi. Darrov xonangizga otlandingiz. Eshigingizni taqiqlatib chaqirsam, javob ham bermadingiz. Ertasi kuni esa olisdagi oyijonimga hammasini etkazdingiz. Atayin menga eshittirib.  Bu bilangina tinchimadingiz lekin. Xonamda o`tirsam, eshikni ochdingiz-da, kirmasdan qo`lingizdagilarni otib, yana eshikni taraqlatib yopdingiz. Qarasam, o`zim sovg`a qilgan pardoz buyumlari sochilib yotibdi. Yum-yum yig`ladim. To`g`ri, yagona qizsiz. Akangiz shu kunga qadar balkim qattiqroq gapirmagandir sizga. Chaqimchilik qilib munosabatlaringizga darz etkazgandirman. Biroq bu tariqa javob qaytarishingiz shartmidi?

«Hammasiga sarpom sababmi?»

Qaysidir bayram edi. Kursdoshlarim kelinlik uyimga keladigan bo`lishdi. Meni hayratlantirib ularni o`zingiz kutib oldingiz. Oshxonaga choy damlashga chiqqanimda esa uyimizga “sharh” berdingiz: “Mebellarga, pardalarga e`tibor bermanglar, qizlar. Kelinoyimning sarposi shunaqa. Hali bularning hammasini almashtiramiz”. Bu gapni aytdingiz-qo`ydingiz. Meni kursdoshlarimning sarpom yoki sizning fe`lingiz haqida qanday o`ylashi tashvishga solmaydi. Alam qilgani otamning elib-yugurib, shuncha yo`ldan poytaxtga kelib, uyimizga mebel olib bergani. U kishining zavq va yaxshi niyat bilan bu ishlarni amalga oshirgani ko`z oldimga keldi. Qadrim nahot shular bilan o`lchansa?! Bunday o`lchovlar haligacha davom etadi. O`zingizning sarpongizga nima sotib olsangiz, menikiga bilan solishtirardingiz. Har ikki gapning birida “Kelinoyimga o`xshab birovning uyiga quruq borishni istamayman”, deysiz. Mana, to`lib-toshib kelin bo`ldingiz. Ammo sarpo-suluvingiz uchun sizning injiqlaringizga hech kim ko`z yumayotganini yo`q-ku! Baxtni boylik bilan sotib ololmadingiz-ku!

«Mendan qaynonamni sovitdingiz...»

Qizimga homiladorligim og`ir kechdi. Xabaringiz bor. To`qqiz oyning yarmini shifoxonada o`tkazdim. Bir tomonda o`qish, bir tomonda kelinlik xizmatlari, bir tomonda homiladorlikning dardlari. Siz esa hammasiga beparvo edingiz. Nuqul oyijonimga qo`ng`iroq qilib, uyning necha kunda supurilishi, ertalab nonushtaga har kuni qaynatilgan tuxum eyishimiz, ko`pincha akangizning ko`chadan ovqat sotib olib kelishini aytardingiz. O`zimni qulog`i karlikka solsam ham, gaplaringiz yuragimni ezardi. Olisdagi qaynonamning munosabatini ham sekin-sekin sovita boshladingiz. Na shifoxonada yotganimda holimdan xabar oldingiz, na uyda... chaqalog`im tug`ildi ham. Har tugul jiyaningizga mehringiz tushdi. Lekin uni sizga ishonolmasdim. Aylantirib kelish uchun ko`chaga chiqsangiz, yurak hovuchlab o`tirardim. Bir gal bolam bechora qattiq isitmaladi. O`shanda hali yoshga to`lmagandi. Muzqaymog`ingizdan yalatganingizni qo`shnim aytdi. Jonim chiqib ketdi. Akangizning do`qlariga ham chidadim. Miq etmadim. Og`zim kuygandi-da. Onamdan maslahat so`raganimni eshitib, qaynonamga buni ham shipshidingiz. Oyijonim esa darrov menga qo`ng`iroq qilib, “Bolani kasal qilishga qilib, mendan yashirib o`tiribsizmi?”, deya urishdi. Zebojon, bilsangiz, men ham hamma ishni oyijonim bilan bamaslahat qilishni istardim. U kishini ortiqcha xavotirga qo`ymaslik uchun ham onamga qo`ng`iroq qilgandim. Ustiga-ustak onam shifokor.

«Mana, sizni ham uzatdik»

Chiroyli kelin bo`ldingiz. Sizda bir emas, uch qaynsingil. Bir kuni ovqatingiz yoqmaganidan nolishgani, yana bir safar uch qiz bo`y bo`lib uyda o`tirganiyu sizning hamma narsaga balogardonligingizdan oyijonimizga hasrat qilasiz. Jim eshitaman. Chunki sizga maslahat berishga-da haqqim yo`q. Bir yarim yillik turmushingizda uch marta arazlab uyga keldingiz. Biz ham o`qishni tugatib, qaynota-qaynonamizning xizmatidamiz. Akangiz bir-ikki bor, o`zi botinolmay dardingizni so`rashimni aytdi. Siz hamon otdan tushmaysiz. To`g`ri, men ham bir marta uydan arazlab ketganman. Unda poytaxtda edik. Akangiz qattiq urishdi. Haqqimni talab qilib gap qaytargandim yuzimga tarsaki ham tushirdi. Yuzimning o`ng tarafi lov-lov yonganidan ichimdagi alam ham yondi. Shartta kerakli narsalarimni yig`ishtirdim. Akangiz mendan oldin jahl bilan uydan chiqib ketdi. Hammasini eshitib o`tirgandingiz. Bir qo`limda sumka, bir qo`limda bola bilan eshik oldiga borganimda xonangizda chiqib taskin berib, yo`limni to`smadingiz. Qaytanga chiqib ketishim bilan eshikni yopib, ichidan qulfladingiz. Uzoqroq qarindoshimning uyiga bordim-da, telefon orqali onamga yig`ladim. Eshitganim “Qizim, chida. Bizning ham o`ttiz yillik turmushimiz faqat o`yin-kulgu bilan o`tmagan” bo`ldi. Akangiz ham bir pasda izimni topib kelib olib ketdi. Sizning esa arazlaringiz uzoq cho`zilayapti. Yo`q, faqat o`zimning tinchimni o`ylab, sizni tezroq ketkazish uchun aytayotganim yo`q bularni. Oilangiz tinchini o`ylayapman, qo`lingizdagi norasidaga ichim kuyayapti. Chunki kuyov bola bu safar olib kelishga bormayman debdi. Oyijonim ham jahlda. Hamma jahl qilsa, oila bo`ladimi? Zebo, siz meni kelinoyi o`rnida ko`rasizmi, yo`qmi, bilmadim. Chunki nuqul yoshim kichikligini pesh qilasiz. Men sizni singlim deganman. Endi erkaliklaringiz, arazlaringizni ota uyda qoldiring. Nafaqat kelin, rafiqa yo kelinoyisiz. Endi ONAsiz! Unutmang shuni. Men tunov kuni ikki yosh o`g`lim nogohon ukachasi — chaqalog`ingizni erkalataman deb qo`lini tirnaganda qilgan janjalingiz uchun bularni aytmayapman. Siz bilan yashagan davrimda ko`p xato qildim. Tan olaman. Uzr ham so`raganman bular uchun. Endi ham so`rayman. Faqat o`tgan kunlarni eslatishimdan maqsad, bulardan xulosa chiqaring. Oilangizni asrang!

Kelinoyingiz MANZURA

Sharhlar

Yuzga husnbuzar chiqsa, bu nimaning belgisi?

20.01.2017, 11:59

Husnbuzar yuzingizning qaysi sohasida paydo bo`lganiga ko`ra, organizmingiz uchun qanday muolaja kerakligini bilishingiz mumkin. Demak, ko`zgu qarshisiga turing-da, suratda ko`rsatilganidek, yuz sohalariga diqqat qiling. Agar:...
«Ohu ko`zlar» pardozining 6 qoidasi

20.01.2017, 11:46

Yaqin kunlarda to`yga yoki biror oqshomga otlanayapsizmi? Qanday pardoz qilsam ekan, deb boshingiz qotganmi, unda ushbu pardozni sinab ko`ring. Bu pardoz uchun sizga kulrang, tillarang...
Yuqori marralarni zabt etishning 7 ta siri

19.01.2017, 14:24

Kimning katta yutuqlarga erishib, omad cho`qqilarini zabt etgisi kelmaydi, deysiz. Bilmaymizki, hammasi o`z qo`limizda va buning yo`li juda ham oddiy. Quyida ular bilan tanishasiz... Har...
To`ydan keyingi muhabbat haqida 10 afsona

17.01.2017, 16:39

Mustahkam oila – muammolarsiz emas, balki ularni hal etishga qodir oiladir. Ellik yil birga yashagan er-xotinning oltin to`yida choldan so`rashayapti: – Ota, shuncha yillik turmush...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1