AsosiyShou-biznes

Davron Kabulov Kanizaning oilasi buzilishiga sababchiligi haqidagi da`voga munosabat bildirdi

“Million” qiziqchilar jamoasi rahbari Davron Kabulov xonanda Kaniza (Shahrizoda Ahmedova)ning ayblovlari ortidan bayonot bilan chiqdi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.

Davron Kabulov, “Million” kulgu jamoasi rahbari:

“Million” jamoasining konserti diski chiqqanidan so`ng, Kanizaning turmushi buzilish xavfi ostida qolgani, xonanda chuqur iztirobda ekani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan gap-so`zlar yuzasidan izoh.

Kaniza (Shahrizoda), ochig`i, sizning bu kabi piarchi ekanligingiz haqida oldin ham eshitgandim, ammo menga aloqasi yo`qligi uchun ahamiyat bermagandim. Sizga ba`zi savollar bilan murojaat qilmoqchiman.

1. Bitta konsertda har qanday kutilmagan gap aytilishi mumkin, ammo «Million»ning konserti 7 kun 9 seans (!) o`tkazildi. Shulardan sakkiztasida ishtirok etdingiz. «Sahnada nima bo`lganidan xabarim yo`q», debsiz. Sakkizta seans-a!

Repetisiyaga kim keldi, quyib qo`ygandek sizga o`xshaydigan qiyofadoshingizmi? («Istiqlol» san`at saroyi xodimlari, «Million» a`zolari guvohlik bera oladi). Suhbat davomida qaysi rasmlar muhokama qilinishini kim bilan gaplashgandim? O`sha rasmlarni o`zingiz Telegram orqali administratorimga tashlab berganingiz yodingizdan chiqdimi?

Zalda telefonga suratga olish taqiqlangan edi, faqat sizning yordamchingizga siz ishtirok etgan sahna ko`rinishini videoga olishga ruxsat berdik (montajda buni ham ko`rsatishim mumkin). Ertasiga taassurotlaringizni kulib aytib berdingiz. Qaysi vijdon bilan «Xabarim yo`q!», deyapsiz?

Shu vaqtgacha konsertlarimizda chiqqan Rayhon, Ulug`bek Rahmatullaev, Manzura, Jahongir Poziljonov, Jasur Umirovdan istagan odam so`rasin — konsertdan avval har doim qo`shiqchilar bilan repetisiya qilib olganmiz.

2. Konsert o`tganiga uch oydan (!) oshdi. Shuncha vaqt davomida to`y-marosimlarda siz bilan ko`rishdik. Nega disk chiqquniga qadar o`zimga bir og`iz bu haqda gapirmadingiz?

3. «Jasur Umirovga o`xshab arazlab yurmayman, yumorni tushunaman», deyishga sizni kim majbur qildi? Darvoqe, sizga noto`g`ri ma`lumot etkazishgan ekan — Umirov bilan do`stona munosabatlar hech qachon uzilmagan.

4. Kaniza eri bilan ajrashish arafasida?! Qaysi eri bilan? Turmush o`rtog`im 10 daqiqaga do`konga chiqsa ham meni xabardor qiladi — pochchamga sakkiz kun davomida qaerga chiqib ketayotganingizni aytmaganmidingiz? Nega eringiz biz bilan bog`lanmadilar? Bir-biringizni og`ir vaziyatlarda eshitishga xohish bo`lmasa, bitta disk bahona turmush oson buzilsa, oila asli bizgacha ham mustahkam bo`lmagan ekan-da?

5. «O`zbeknavo»dan tortib, portalgacha arz qilib, hamma axborotni chiqarib bo`lib, bugun menga qo`ng`iroq qilyapsiz: «Gaplashib olaylik», deb. Ungacha raqamim yo`qmidi?

Ushbu sahna ko`rinishi xazm qila olmaganlarga «Million» shunchaki qiziqchilarning konserti emas, shou-dastur qilishga intilishini eslatib o`tmoqchiman — kutilmagan dialoglar, quloq eshitib o`rganmagan hazillarni taqdim etishga harakat qilamiz. Hamma o`rgangan hazillar uchun esa televidenieda hajviy ko`rsatuvlar bor.

Kanizaga faqat qo`shiq ayttirish kerak edi, degan fikrda yurganlar uchun — agar faqat ashula uchun bo`lsa, Sevara Nazarxon yo Jahongir Otajonovni taklif qilardik. Reper Shohruxga gap yo`q, «Qo`shiq aytishga tayyorman, lekin hazil menga yarashmaydi», deb darhol ochig`ini aytdi.

Bir paytlar: «Kaniza Shahzodaning konsertiga ko`chadan chipta sotib olib, rasmga olib, Instagram’ga: ‘Taklif uchun rahmat’, deb yozib qo`yibdi», deyishsa ishonmagandim. «Shu qiz o`zining administratorini qamatgan», deyishganida ham parvo qilmagandim.

Lekin, ishonchingiz komil bo`lsin, bu safargisi o`xshamaydi — boshqa adresga tushib qoldingiz. Sizga omad, muvaffaqiyatlar! Chin dildan. Arzon piarlarga xushim yo`q. O`sha gap: «Million»ga kelganingiz uchun tashakkur, bu hol boshqa takrorlanmaydi, degan umiddamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar