AsosiyJamiyat

O`zbekiston jamoatchiligi og`ir judolikka uchradi

O`zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg`armasi Andijon viloyati bo`limi raisi, O`zbekiston Qahramoni Tavakkal Temirovich Topvoldiev 82 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

T.Topvoldiev 1934 yil 10 sentyabrda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida ishchi oilasida tug`ildi. 1957 yili Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutini muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo`yicha tamomladi. Ko`p yillar davomida Andijon viloyati sug`orish tarmoqlari tizimida samarali mehnat qildi. 1965-1985 yillar mobaynida Bo`z, Ulug`nor, Jalaquduq tumanlarida birinchi rahbar lavozimida faoliyat ko`rsatdi. 1985-1996 yillarda Andijon viloyatida turli mas`ul vazifalarda ishladi. 1996 yildan umrining oxiriga qadar O`zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg`armasi Andijon viloyati bo`limi raisi bo`lib xizmat qildi. 

T.Topvoldiev qariyb oltmish yillik mehnat faoliyati davrida viloyat hududlari, tarmoq va sohalarini rivojlantirish hamda keng ko`lamli obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo`shdi. Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab viloyatda mamlakat ahamiyatiga ega bo`lgan yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.

"Nuroniy" jamg`armasi Andijon viloyati bo`limi raisi sifatida viloyatda urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini ta`minlashda o`zining tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlarini namoyon etdi.

U jonkuyar va talabchan, mehribon ustoz sifatida el-yurtimiz o`rtasida yuksak hurmat va e`tibor qozondi.

T.Topvoldievning ko`p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U "Do`stlik" va "El-yurt hurmati" ordenlari hamda O`zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.

Fidoyi rahbar, samimiy va kamtarin inson Tavakkal Topvoldievning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
 
Sh.Mirziyoev, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, Sh.Usmonov, Sh.Abdurahmonov

    Boshqa yangiliklar