Majmua qurilish materiallari savdosini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Tashabbuskor investor tomonidan loyiha uchun 25 million dollar sarmoya yo‘naltirilgan. Savdo markazi 4,6 gektar hududda barpo etilib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari amalga oshirilgan. Hududda 1 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etilgan.
Uch qavatli majmuada qurilish va ta’mirlash mahsulotlari savdosi markazlashgan holda yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda 500 ta do‘kon faoliyat yuritadi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali ochiq e’lon qilinadi.
Loyiha ishga tushishi bilan 2 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Majmua yiliga 3 milliongacha xaridorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
Xavfsizlik tizimi ham kuchaytirilgan: savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan to‘liq qamrab olingan.
Prezident majmua qurilish materiallari bozorida tartib, shaffoflik va zamonaviy xizmat standartlarini shakllantirishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday savdo markazlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish va logistika tizimini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.






