Navoiy viloyatining Karmanа tumanida 7 yoshli bola Howo rusumli yuk avtomobilini boshqargani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda kichik yoshli bolaning yuk mashinasini boshqarayotgani aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida voqea 2025 yil sentyabr oyida sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, transport vositasi boshqaruvi bolaga ammasining o‘g‘li tomonidan ishonib topshirilgan. Shuningdek, voyaga yetmagan bolani nazoratsiz qoldirgan onaga nisbatan ham chora ko‘rilgan.
Qayd etilishicha, bolaga transport vositasini boshqarishga bergan fuqaro hamda uni nazoratsiz qoldirgan onaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Howo rusumli yuk avtomobili esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bu Navoiy viloyatida voyaga yetmagan shaxsning transport vositasini boshqarishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Avvalroq mast holatda bo‘lgan otasi o‘rniga 10 yoshli bolaning Matiz avtomobilini boshqargani aniqlangan edi.
Shuningdek, joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi Lacetti yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan qochib, qarshi harakat yo‘lagiga chiqqan va boshqa avtomobil bilan to‘qnashgan. May oyida esa Qo‘qonda maktab o‘quvchisi boshqargan Malibu ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi halokat bilan yakunlangan, Farg‘ona viloyatida esa 14 yoshli bola otasining avtomobilini haydab, yo‘l-transport hodisasini sodir etgandi.






