Ispaniyaning Andalusiya avtonom hududidagi Almeriya viloyatiga qarashli Los-Galyardos tumanida yuz bergan yirik o‘rmon yong‘ini oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat rasmiylari ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qurbonlarning to‘rt nafari alanga ichida qolib ketgan avtomobilda halok bo‘lgan. Yana yetti kishi esa rasmiy evakuatsiya yo‘nalishidan chiqib, qurib qolgan daryo o‘zani orqali qochishga uringan vaqtda hayotdan ko‘z yumgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati chet el fuqarolari bo‘lishi mumkin.
Andalusiya hukumati vakili Antonio Sans mazkur fojiani mintaqa tarixidagi eng ko‘p qurbon keltirgan o‘rmon yong‘ini deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kuchli shamol va yuqori harorat ta’sirida yong‘in juda tez tarqalgani qutqaruv ishlarini ancha qiyinlashtirgan. Ayrim hududlarda aholi zudlik bilan evakuatsiya qilingan bo‘lsa, xavf yuqori bo‘lgan boshqa joylarda fuqarolarga xavfsizlik nuqtai nazaridan uylarini tark etmaslik tavsiya qilingan.
Hodisa munosabati bilan favqulodda holatning ikkinchi darajasi e’lon qilingan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga Ispaniyaning Harbiy favqulodda vaziyatlar bo‘linmasi, 150 nafardan ortiq mutaxassis, o‘nlab yong‘in o‘chirish guruhlari hamda maxsus texnika jalb etilgan.
Tabiiy ofat oqibatida qariyb ming nafar aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirilib, vaqtincha sport majmualariga joylashtirildi. Bir ayol og‘ir kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, yana bir kishi tutundan zaharlangan.
Shuningdek, bir necha fuqaroga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga elektr uzatish tarmog‘idagi nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kuchli shamol va quruq ob-havo alanganing qisqa vaqt ichida katta hududga tarqalishiga olib kelgan.
Yong‘in tufayli N-340A va AL-6109 avtomobil yo‘llari vaqtincha yopildi. Keyinroq esa A-7 avtomagistralida transport harakati qayta tiklangan.
Shu bilan birga, Andalusiyaning Malaga viloyatidagi Benaavis hududida ham yana bir o‘rmon yong‘ini qayd etildi. Ehtiyot chorasi sifatida qariyb ming nafar aholi evakuatsiya qilingan. Hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda.






