Andijon viloyatida sobiq turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish uchun yollanma qotil qidirgan 52 yoshli ayol qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor ma’lumotlar asosida olib borilgan tekshiruvlar davomida Asaka tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan ayol 1972 yilda tug‘ilgan sobiq turmush o‘rtog‘ini uy-joy masalasidagi nizo sabab qasddan o‘ldirishni rejalashtirgani aniqlangan.
Ayol ushbu ishni amalga oshirish uchun 3000 AQSh dollari evaziga yollanma qotil izlagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, shartli ravishda yollangan shaxs jalb qilingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol 10 iyul kuni Asaka tumanidagi turar joy majmualaridan biri oldida qotillikni amalga oshirishga kelishgan shaxslar bilan uchrashgan. U sobiq erini o‘ldirish uchun dastlab 5 million so‘m bergan va qolgan mablag‘ni uning vafot etganiga ishonch hosil qilganidan keyin to‘lashini aytgan.
11 iyul kuniga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida shartli yollanma qotil ayolning sobiq turmush o‘rtog‘ini Asaka tumanidagi dala hududiga olib borgan va uning o‘ldirilgani haqida tasavvur uyg‘otgan holda buyurtmachi ayolni chaqirgan.
Ayol sobiq eri vafot etganiga ishonch hosil qilgach, kelishilgan pulni berishini bildirgan. Shu paytda u ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
"Erimdan qutulish uchun yollanma qotilga 3000 dollar berishga kelishdik. 5 million so‘mini berdim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Kechirishingizni so‘rayman", — degan ayol.
Mazkur holat yuzasidan ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi "i" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.






