O`tib borayotgan yil ko`pchilikning hayotida o`ziga xos iz qoldirdi. Kimningdir ish borasida omadi kelgan bo`lsa, kimdir o`z baxtini uchratib taqdirini bog`ladi. Oilasiga kelgan yangi mehmon bilan baxtini to`kis qilganlar ham bor. Yil sarhisobini qilar ekanmiz, baxtlilarni yana bir bor tilga olishga qaror qildik.

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Lola Ahmedova ham 2016 yil 5 fevral kuni ikkinchi marta o`g`il farzandli bo`ldi. Xonanda o`g`liga Muhammadali deya ism qo`ygan.

Rejissyor Burhon Sharopovning “Sevgi – bu hayot” filmi bilan mashhur bo`lgan aktyor Sanjar Usmonov 2016 yilning 8 aprel kuni bir yo`la uch karra ota bo`lish baxtiga muyassar bo`ldi.

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sevara Nazarxon 2016 yilda ikkinchi marotaba onalik baxtini tuydi. U 28 aprelda tug`ilgan qiziga Imon Anvar deya ism berdi.

Aktrisa Rayhon Ulasenova esa 2016 yilning 25 iyunida uchinchi farzandi Maryamni dunyoga keltirdi.

O`zbek kinosining iste`doli ijodkorlaridan biri, aktyor Akbarxo`ja Rasulov 14 iyul kuni ilk bor ota bo`ldi. U qiziga Humayraxon deb ism qo`ydi.

O`zbek futboli yulduzi, ikki o`g`ilning mehribon otasi Odil Ahmedov ham 15 iyul kuni qiz farzandli bo`ldi. U oilasining malikasiga Shirin deya ism berdi.

Yana bir aktyorlar oilasi Sharof Sharopov va Gulchehra Eshonqulovalar 17 iyul kuni dunyoga kelgan o`g`liga Amirjon deya ism qo`yishdi.

Xonanda Ruhshona 20 avgust kuni ikkinchi bor ona bo`ldi. Xonanda va uning turmush o`rtog`i Sanjar Matkarimov o`g`liga Shukurbek deya ism qo`yishdi.

Oybek va Nigora 2016 yilning 27 avgust kuni ilk bora ota-ona bo`lish baxtiga muyassar bo`lishdi. Ular o`g`liga Imron deb ism qo`yishdi.
Xonanda Sardor Mamadaliev 9 sentyabr sanasida ilk bor ota bo`ldi. U o`g`liga Temurbek deb ism qo`ydi.
Xonanda Umar Shamsiev 2016 yilda uchinchi bor otalik baxtiga sazovor bo`ldi. 5 oktyabr tug`ilgan qiziga Sojida deb ism qo`ydi.

26 noyabr “Via Sharq” guruhi a`zolari Tatyana Zayseva hamda Sarvar Akbarov uchun bir umr yodda qolarli kunga aylandi. Xonandalar shu sanada dunyoga kelgan o`g`liga Alixan deya ism qo`yishdi.
2016 yilning so`nggi kunlarida Shohrux repper ham qizli bo`ldi. U 16 dekabr kuni ikkinchi bor ota bo`ldi va qiziga Leyla deya ism qo`ydi.
Aliya SULAYMANOVA





