1

Shahzoda: "Faqat istak bilan hech narsaga erishib bo`lmaydi"

Shou-biznes 03.01.2017, 12:41
Teglar: Shou-biznes, Shahzoda
Shahzoda: "Faqat istak bilan hech narsaga erishib bo`lmaydi"

Yil davomida archa o`yinchoqlaridek rango-rang ijodi bilan muxlislarni xushnud etgan, oppoq qordek beg`ubor va albatta samimiyligi bilan ajralib turadigan xonanda  ShAHZODA bilan bayram arafasida dillashdik...

— Suhbat avvalida Nyu-Yorkda o`tkazilgan 12-Xalqaro “Big apple music awards-2016”ning g`oliblari qatoridan joy olganingiz bilan muborakbod etaman. Nima sababdan taqdirlash marosimida qatnasha olmadingiz?

— Rahmat! Ochig`i, “Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ayol xonanda” sifatida taqdirlanishimni kutmagandim. Qolaversa, Yangi yilga bag`ishlangan dasturlarning suratga olish ishlari bilan shu qadar band bo`lganim bois borolmadim.

— Mukofot sizga etkazildimi?

— Yo`q hali, kutyapmiz (kuladi).

— 2016 yil nimalar bilan xursand qildi, xafa qilgan kunlari ham bo`ldimi?

— Bu yil men uchun juda omadli yil bo`ldi. Konsert dasturim muvaffaqiyatli o`tdi, ko`plab qo`shiqlarni muxlislarga taqdim eta oldim. Umuman olganda, ish ko`pligidan dam olishga fursat topolmadim. To`g`risi, ish bilan band bo`lganim meni quvontiradi. Shaxsiy hayotimda esa Xolidning bog`chaga chiqqani alohida voqea bo`ldi (kuladi). Shukrki, dilni xira qiladigan kunlar bo`lmadi. Katta-katta yo`qotishlar bundan mustasno, albatta.

— Har yili bayram dasturxoni takrorlanmas bo`lishiga alohida e`tibor beradigan Shahzoda “Tovuq yili”da nimalarni reja qilgan?

— Ertadan kechgacha suratga olish ishlaridan bo`shamayotganim uchun bu haqda o`ylashga vaqt topolmayotgandim. Odatga ko`ra, 25 dekabrda uydagilar bilan bayram taomnomasini tuzish haqida maslahatlashdik. Lekin doimiy taomnomamiz ham bor: “ananasli” va “shuba” salatlar.

— Turmush o`rtog`ingiz qo`lidan eyishni xush ko`radigan taomingiz bormi?

— “Ananasli” salat. Bu reseptni turmush o`rtog`im o`ylab topgan. Har yili shu salat bilan bizni xursand qiladi. Bilasizmi, juda ko`p antiqa taomlar reseptini o`ylab topadi, pishirish esa mendan bo`ladi.

— “Olive”, mandarin, tovuq...

— Uchalasisiz bayram o`tmaydi. Lekin tovuqni ko`proq yaxshi ko`raman. Biroq, 2017 yil “Tovuq yili” bo`lgani bois doimiy taomnomamizdagi “olmali tovuq”ni tayyorlamaymiz.

— Ko`pchilik “Tovuq yili” bo`lgani uchun irim qilyapti. Siz ham irimlarga ishonasizmi?

— Irimchimasman. Lekin tovuqni xafa qilgim kelmayapti (kuladi).

— Instagramdagi shaxsiy sahifangizga o`g`lingiz Xolid archa bezatayotgan rasmni joylabsiz. Bu jarayonda sizning o`rningiz qanday?

— Hammamiz birga uy bezatamiz. Xolid o`tgan yil kichkina bo`lgani uchun archa bezatolmagandi. Mazkur yil bu ishni o`zi bajardi. Tunga qadar archaning yonidan ketmadi. Dadasi, akasi, enagasi va meni qo`limdan tutib, archa atrofida aylanishimizni so`radi. Ishonsangiz, kun davomida archa atrofida aylandik. Bog`chasida o`rgangan bo`lsa kerak-da. She`r, qo`shiqlar yodlab, bayram oqshomi uchun alohida tayyorgarlik ko`ryapti. Bu yil Yangi yil o`zgacha bo`ladi! Dadasi, men alohida-alohida sovg`alar hozirlab, archa tagiga qo`yamiz. Soatlar 00.00da bong urib, bayram kelganidan darak berganida odatga ko`ra sovg`alar ochiladi. Lekin Xolidning kun tartibi buzilmasligi uchun soat 22.00 da unga tegishli sovg`alar ochiladi. Mana shu jarayonni juda yaxshi ko`radi. O`rgimchak odam libosini sovg`a qilishimni istagandi, lekin ma`murim Davron Muqimov mendan avval bu ishga ulgurdi. Endi “qanday sovg`a bilan hayratlantirsam ekan?” degan savol o`ylantiryapti.

— Yangi yil oqshomi uchun libos haqida alohida bosh qotirasizmi?

— “Yangi yilni yangi libosda kutib olish kerak”, deyishadi. Doim bunga amal qilaman. Lekin o`sha libosimni yangi yilgacha suratga olinadigan bayram dasturlarida kiyaman. Shuning uchun ko`ylagimni faqat Yangi yil oqshomida kiyish nasib etmaydi (kuladi). Bu yil ham shunday bo`ldi.

— Qanday rangdagi libos hozirlagandingiz?

— Aytsam kulasiz, qora.

— Qora?! Bu yil yaltiroq, yorqin ranglar urfda-ku?!

— Dugonalarimga ham xuddi shu maslahatlarni bergandim. Lekin o`zim negadir qora rangdagi ko`ylak sotib oldim (kuladi). Balki faqat bayram oqshomida kiyish uchun yana yangi ko`ylak sotib olishga ulgurarman.

— 2017 yil kalta soch turmagi urfda bo`lar ekan. Imidj borasida o`ylab ko`rdingizmi?

— Sochga juda ehtiyotkorlik bilan yondashaman. O`tgan yili tavakkal qilib, sochimni “kare” qilib kestirgandim. Bolaligimdan onam “ayol kishining boyligi, husni bu — sochi”, deb ko`p takrorlardi. Tabiiy rangdagi, uzun sochni afzal bilaman.

— Italiyada ayollar Qorbobo bo`lar ekan. Qorbobo emas-u, Qorqiz bo`lib uydagilarni hayratlantirish istagi bo`lmaganmi?

— Yaxshi g`oya berdingiz (kuladi). Hozir Qorbobo libosida sovg`alar ulashayotganimni tasavvur qilib ko`rdim, qiziq jarayon. Aslida sovg`alar ulashib, yaqinlarimni xursand qilishni yaxshi ko`raman. Ayniqsa, kenjatoyimning noodatiy “reaksiyasi”ni kuzatish men uchun qiziq va yoqimli. Chunki judayam hissiyotga beriluvchan, syurprizlarni yaxshi ko`radi.

— Kimlardir Yangi yil taomlaridan voz kecholmay dasturxon atrofida bo`ladi, boshqalar bayramni raqs tushib o`tkazishadi, yana kimlardir televizorga mixlanadi. Siz qaysi toifaga kirasiz?

— So`nggi yillarda bayramni oila davrasida kutishga odatlanganmiz. Katta o`g`lim Solih bayramni do`stlari bilan o`tkazsa-da, soat 00.00da uyda bo`lishi kerakligini unutmaydi. Xolid tug`ilgach, bayramni shunchaki dasturxon atrofida o`tirgancha o`tkazmaydigan bo`lganmiz. Chunki, Xolid dasturxon atrofida o`tiradigan bolalardan emas, “kelinglar o`ynaylik!” deyaveradi. Raqsga tushamiz, o`g`lim o`ylab topgan turli noodatiy o`yinlarni o`ynaymiz. Oddiy narsalarni xushlamaydi. Hatto, antiqa ertaklar to`qiydi. Bu yangi yil yanada jo`shqin o`tishi tabiiy (kuladi). Shu bilan birga televizor ko`rishga ham ulguramiz. Umuman o`g`limning tug`ilishi juda ko`p narsalarni o`zgartirdi.

— Bayram oqshomida aynan kimlarni shaxsan tabriklashni kanda qilmaysiz?

— Avvalo onam, akamni. So`ng yaqinlarim, do`stlarimni tabriklayman, umuman olganda hech kimni unutmayman.

— Soat millari 00:00ga bong urganida qilingan tilak amalga oshishiga ishonasizmi?

— Albatta! Faqat bayramlardagina emas, chin yurakdan istalgan tilak maqsad sari intilgandagina amalga oshishiga ishonaman.

— Bayramdan so`ng idish-tovoqlarni yuvish yoqa­­dimi?

— (Miriqib kuladi) Avvallari eng sevimli mashg`ulotim bu — idish-tovoq yuvish bo`lgan. Bu asabni tinchlantiradi. Hozir istamaganim uchun emas, Yangi yilni kutib olgach, doimgidek xizmatlarga ketishim kerakligi bois bu borada menga katta o`g`lim Solih yordam beradi.

— 1 yanvar tonggi qanday otadi?

— Doim 1 yanvarda maza qilib uxlayman, deyman-u, uddasidan chiqolmayman. Kunduzi uxlashga odatlanmaganman-da. Tonggi soat 6:00 da uyquga yotsam ham, albatta, soat 10:00 da uyg`onaman. Shu bois 31 dekabrda ko`rolmagan ko`r­sa­tuv­larimni 1 yanvarda tomosha qilaman va 2 yanvarda oilaviy an`anamizga ko`ra dam olishga jo`naymiz.

— Ko`pchilik har yili 1 yanvardan hayotining yangi sahifasini ochishni rejalashtiradi. Lekin bayram o`tgach, hayoti o`sha-o`sha bo`ladi, hech qanday mo``jiza yuz bermaydi...

— Bu ba`zi odamlarning eng katta xatosi. Bayramdan mo``jiza kutish bu shunchaki istak. Faqat istak bilan esa hech nimaga erishib bo`lmaydi.

— Bayramlar, ma`lum sanalarga bog`lanib qolmay, hayotni qadam-baqadam o`zgartirib borish maqsadga muvo­fiq­dir...

— Albatta! Faqat Yangi yilda emas, hayotini o`zgartirish uchun har kuni, har soniya bitta qadam bosish lozim. 

— 2017 yil yakuniga etib borayotgan yildan-da mazmunli, yoqimli xotiralarga boy bo`lishini tilab qolaman!

— Katta rahmat! Sizga va albatta, barcha yurtdoshlarimizga bayram muborak bo`lsin! Yangi yildan kutgan barcha istaklari amalga oshishini tilayman!

BLIS:

— Yangi yil, deganda yodingizga tushaveradi...

— Bolaligim, bobojonim va buvijonim! Bu bayramni o`zgacha yaxshi ko`rganman. Archa tagidan ular tayyorlagan sovg`alarni olishni xush ko`rardim. Nabiralariga “Vaqtida uxlashga yotsangiz, Qorbobo tongda yana sovg`a tashlab ketadi”, deyishardi. Uxlamay Qorbobo kelishini kutmoqchi bo`lardigu, uddasidan chiqolmasdik. Lekin tongda sovg`alar albatta yostig`imiz tagida bo`lardi. Bobojonim doim so`zining ustidan chiqadigan inson edi.

— Necha yoshingizgacha Qorboboning haqiqiyligiga ishongansiz?

— Mo``jizaga ishonganman va hanuz shunday. Qorbobo bu — shunchaki Yangi yil qahramonining nomi. Taqdirning eng yoqimli mo``jizalari bu — o`g`illarimning dunyoga kelishi bo`lgan. Yil davomida hech kimning ko`ngliga ozor bermay, yaxshi inson nomiga loyiq bo`lsak, albatta, mo``jiza yuz beradi, istaklarimiz amalga oshadi.

— Archa tagidan olgan eng yodda qolarli sovg`angiz?

— Juda chiroyli qo`g`irchoq. Bolaligimda o`g`il bolalar bilan do`stlashganim bois sira qo`g`irchoq o`ynamaganman. Yangi yildagi mazkur sovg`adan olgan quvonchim lahzalargagina etgan, xolos. Onamning aytishicha, o`sha qo`g`irchoqni tokchaga qo`ygancha, qaytib olmagan ekanman.

— Yangi yilda hech kimga ishonmaydigan ishingiz?

— Bayram dasturxonini tuzash. Chunki har yili turlicha yondashaman. Tabiiyki, rejalarimni hech kim bilmaydi.

— Yangi yilni o`rmondagi archa yonida kutib olgan bo`larmidingiz?

— (O`ylanib) agar yaqinlarim jamuljam bo`lsa yo`q, demasdim.

— Bayram stoli atrofida uxlab qolgan vaqtingiz bo`lganmi?

— Yo`q. 

— Sevimli Yangi yil qo`shig`ingiz?

— Jorj Mayklning “Merry Christ­mas” qo`shig`i.

— Bayram kuni tomosha qilishni xush ko`rgan filmingiz?

— “Taqdir hazili yoxud qushdek engil bo`ling” filmini tinimsiz namoyish qilaverishgani uchun me`damga tekkan. Lekin “uyda yolg`iz” filmini maroq bilan tomosha qilaman.

Sadoqat ALLABERGANOVA 
suhbatlashdi

Sharhlar

Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
Shahzoda jonli ijro haqida gapirdi...

03.07.2018, 10:53

Xonanda Shahzoda jonli ijroda ijod qilish haqidagi savollarga javob berdi. Uchrashuvdagi qiziqarli savol-javoblarni e`tiboringizga havola etamiz... — Amerikalik xonanda Ronni Jeyms Dio “Fonogrammada berilgan kosertga...
Parizodaning qizi mashhur xonandaning klipida rol o`ynadi

02.07.2018, 22:13

Shahzodaning instagram sahifasini kuzatadigan bo`lsak, ijodiy faoliyatini virtual kuzatish, yangiliklaridan boxabar bo`lib turish mumkin...Misol uchun, xonanda sal kam bir oydan buyon reklama qilayotgan "Jajji qizaloq"...
Shahzoda jonli ijro haqida...

02.07.2018, 21:33

Xonanda Shahzoda jonli ijrodagi konsert berish haqilagi savollarga javob berib o`tdi...— Amerikalik xonanda Ronni Jeyms Dio “Fonogrammada berilgan kosertga kserokopiya qilingan pul to`lash kerak”, degandi....
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1