1

Aziza Niyozmetova: «44 yoshimda yana onalik baxti nasib etdi!»

Shou-biznes 05.01.2017, 12:26
Teglar: Xonanda, Farzand, Shou-biznes, Ayol
Aziza Niyozmetova: «44 yoshimda yana onalik baxti nasib etdi!»

“Kishmish qo`shib bol beraman – esangiz, Yuragimdan joy beraman – kelsangiz...” Ushbu so`zlar bilan estradada o`z dasxatini qoldirgan Xorazm vohasi xonandasi Aziza Niyozmetova  “SUG”DIYONA” mehmoni bo`ldi. U bilan suhbat davomida so`nggi paytlarda kamnamo bo`lib qolgani, ichki dunyosiga va shaxsiy hayotidagi o`zgarishlarga to`xtalib o`tdik.
 
— Suhbat avvalida, nega so`nggi paytlarda ko`rinmay qolganingizni so`ramasdan iloji yo`q...

— Aliya, sizda bunday savol tug`ilishiga nima sabab bo`layotganini taxmin qilayapman. Menimcha, poytaxtdagi konsertlarning to`xtab qolgani, ya`ni o`n yil ketma-ket, tanaffussiz “Istiqlol” san`at saroyida konsert taqdim etib kelib, orada uzilish bo`lib qolgani gap-so`zning ko`payishiga sabab bo`ldi chog`i. Ammo bu Aziza Niyozmetova yo`q bo`lib qoldi, degan hayolga borishga sabab bo`lolmaydi. Men ko`proq viloyat va chet ellarda o`tkazilgan konsertlar bilan band bo`lib qoldim. Yangi qo`shiqlarni nisbatan kamroq aytganim uchun boshqalarga shunday tuyulgan bo`lishi mumkin. Lekin ishonamanki, ashaddiy muxlislarim ijodimni kuzatib borishyapti.

— Nega tanaffusga yo`l qo`ydingiz? Talab bo`lmadimi yoki xohish?

— Hamkorlar taklifi bilan faqat tashkilashtirilgan gastrollarda yurdim. Chet ellarda ham konsert berdim, muxlislar bilan uchrashish baxtiga muyassar bshldim. 

—  Tanaffusdan so`ng yana poytaxtda konsert beryapsiz, ehtimol qo`rquvingiz bordir? Nima bo`lganda ham o`tgan yillar davomida boshqa san`atkorlar ham “maydonga” chiqib, hatto, o`zib ketayotganlari ham bor. 

— Ishonch bilan aytamanki, bu narsa meni umuman o`ylantirgani yo`q. Chunki, men talab bo`lgani uchun bu ishni boshlaganman. Avvalambor muxlislarim va konsertimni tashkillashtirayotgan markazning taklif va talabi meni shunga undadi. Bunga yana bir isbot esa, konsertga hali ancha bor bo`lishiga qaramay, chiptalar sotib ollinayotganini eshitdim. Shuning o`zi meni xalq sog`inganidan dalolat emasmi? E`tibor berishingizni so`rardim, men hech kimga majburlab sotganim yo`q, hamma kelib, kassadan olib ketyapti. Ba`zi san`atkorlar singari tashkilotlarga majburan chipta sotib olish taklifi bilan chiqqanim yo`q.

— Gastrollar bilan band bo`lib vaqtimdan yutkazib qo`ydim, deb o`ylamaysizmi?

— Aslo! Haqiqiy san`atkor hech qachon yutkazmagan. Misol uchun ustoz san`atkor Bobomurod Hamdamov 20 yilda bir “Kim ekan” qo`shig`ini taqdim etib, 7 yoshdan 70 yoshgancha hammaning diqqatini tortdi. Men o`z ijodimga, qobiliyatimga va omadli xonanda ekanimga ishonaman. 

— Shunday bo`lsa ham “Kishmish”dek mashhur bo`lgan boshqa qo`shig`ingiz bo`lmayati, bunisiga nima deysiz?..

— Men bu qo`shiqni kuylaganimda Xorazmning o`ziga hos shirin shevasini, quloqqa o`zgacha yoqimli eshtiladigan so`zlarini kuyga solganman. Bugun esa bunday qo`shiqlarni kuylovchilar ko`p. Shuning uchun boshqa qo`shiqlarim “Kishmish”dek ommalashmadi. Yana bir gap, balki o`zim muxlislarning e`tiboridan charchagandirman. Odamlarning qo`lini bigiz qilib ko`rsatishlari ruhan toliqtiradi. Shu bois ham ba`zida ijodkor uchun biroz tanaffus shart bo`lib qoladi.

— Muxlis bugun sizga chalgan qarsagini, ertaga boshqasiga ham chaladi. Ularni bevafo deyishadi...

— Gapingiz to`g`ri. Biroq men muxlislarimning haqiqiy mehrini qozonganman. Va bu e`tiborini saqlab qololaman. 

— O`zingizchi, muxlislaringizni sog`indingizmi?

— Bu savolingizga, sahnaga chiqqanimdan so`ng aniq javob berishim mumkin. Aslida, to`y xizmatlarida yurganimda, ijodiy safarlarda muxlislarim bilan yuzlashib, suhbatda bo`lamiz. Biroq aynan “Istiqlol”ga keladigan muxlislarim bilan diydorlashganda tuyadigan xislarimni o`sha paytning o`zida sezsam kerak. 

— San`atkorlarda raqobat bor, deb o`ylaysizmi?

— Menimcha, bugun raqobat emas, hududlar bo`lib olgan xonandalar ko`paygan. Poytaxt to`ylari va viloyat to`ylarini ajratib olganlar bor. Aytmoqchimanki, bugun poytahtda kliplari “aylantirilib” ketma ket yangi qo`shiq kuylayotganlar viloyatga borsa uncha muncha odamlar ularni tan olmaydi. Chunki hududdagi tinglovchining talabi umuman boshqa. Ularning didini topish uchun hamma ham dosh berolmaydi.  

— Aziza opa, eshitishimizcha jurnalistika yo`nalishi bo`yicha o`qishni boshlabsiz?

— Boshlagan edim... O`zbekiston Milliy Universitetning jurnalistika yo`nalishi bo`yicha o`qishga kirgandim. Ammo ikki yil oldin akademik ta`tilga chiqishga majbur bo`ldim. Oila, farzandlarim, ijod, xizmatlar – hammasiga umuman vaqt topolmadim. Har kuni o`qishga borib, tayyorlanish juda qiynab qo`ydi. Biroq qiziqishim so`nmagan. Albatta, o`qishni davom ettiraman. 

— Qizingizni uzatganingiz haqida bilamiz. Bugun siz turmush o`rtoq, ona maqomidan tashqari qaynonasiz ham...

— Qizimni uzatganimga besh yil bo`ldi. Doim, “Men, qudamni lotoreyaga yutib olganman” deb hazillashaman. Qudam qizimning ikkinchi onasi. Kuyovim ham o`g`limdek. Yoshlar bir-birlarini tushunib yashab kelishyapti. 

— Nabirangiz haqida ham gapirib bering.

— Birinchi marta buvi bo`lganimni eshitganimda Namangan gastrolida edim. Qudam buvi bo`lganimizni aytganida, qanday sevinganimni ko`rsangiz edi. Chaqaloq endi dunyoga kelgan-u, men  «Buvi bo`ldimmi» deb entikib ketayapman. Hozir esa har buvijon deganida o`sha ilk kunlardagi tuyg`ular qayta jonlangandek bo`ladi.  Uyimizga kelganida iloji boricha birga vaqt o`tkazishga harakat qilamiz.

— Aziza opa, suhbatimiz so`ngida sizni yana bir karra onalik baxtini tuyganingiz bilan tabriklayman. Bir necha oy oldin oilangizga kelgan yangi mehmon haqida gapirib bersangiz...

— Hisob bo`yicha kenjatoyim oltinchi farzandim. Ulardan to`rttasi o`zimniki. Ikkitasini esa o`z qaramog`imga olganman. 44 yoshimda kenja qizimni tuqqanimdan keyin sog`lig`imdagi ba`zi muammolardan forig` bo`ldim. Men uchun farzandlardan aziz ne`matning o`zi yo`q. Shuning uchun ba`zi odamlarning gap-so`zi, hayratidan cho`chib ulardan voz kechmayman. Xudo menga onalik baxtini taqdim etayotgan ekan ularni, albatta, dunyoga keltiraman. Katta qizim Nilufar 23 yoshda, Doston 20 yoshda, Miraziz 17 yoshda, Diyora 11 yoshda, Amira 2 yoshda va eng kichkina qizalog`im Madina 5 oylik. Ularning barchasi mening quvonchlarim. Boriga shukr aytaman. 

— Farzandlaringizda o`zaro rashkni ham sezganmisiz?

— Ha, ba`zida bo`lib turadi. Ayniqsa, o`g`illarim meni ko`p qizg`onishadi. Qizlarim bilan ko`proq gaplashib qolsam, darrov qovoq-tumshuq qilib olishadi. Biz bilan gaplashmaysiz, degan e`tirozlarni ham eshitaman. Avvallari ularning gapini unchalik tushunmasdim. Biroq keyinchalik ona har bir bolaga individual yondashib, alohida vaqt ajratishi shart ekan deb o`ylab qoldim.  

— Ortga nazar tashlaganingizda qanday xatolaringizni ko`rasiz?

— Agar hammasi o`zimni qo`limda bo`lganida ijod qilishni ertaroq boshlagan bo`lardim. Institutni tamomlaganimda onam, “Bizning oiladan san`atkor chiqmagan. Turmushga chiq, farzandli bo`l, umr yo`ldoshing ruhsat bersa, istaganingni qilaver!” deb aytganlar. O`shanda onamga quloq tutib, oilani tanladim. Shu bois san`atda vaqtdan boy berdim, deb o`ylab qolaman. Agar ijod qilishni biroz ertaroq boshlaganimda balki, bugun hammasi boshqacharoq bo`larmidi...  

— Niyatimiz, ortingizga nazar tashlaganingizda faqat quvonchli kunlarni ko`rish nasib etsin. 

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Farg`onada bolalarni majburan onaga olib berish ijrosi kutilmagan tus oldi

13.12.2019, 19:35

Majburiy ijro byurosi organlarida davlat ijrochilari turli xil qizg`in voqealarga guvoh ham bo`lib qolishadi. Xususan, fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining 2019 yil 17 sentyabrdagi ijro...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1