Oltindek tovlanuvchi, o`ziga xos ta`mga ega meva yurtimizda keng tarqalgan va sevib iste`mol qilinadi. Xalq tabobatida esa xurmoning shifobaxshligi yuksak qadrlanadi. Quyida ayni kunlarda dasturxonimiz ko`rkiga aylangan ushbu mavsumiy mevaning shifobaxsh xususiyatlariga to`xtalamiz.
Tarkibi
Xurmo tarkibida antioksidantlar, saxaroza, glyukoza, S vitamini, limon va olma kislotasi, A provitamini, ko`p miqdorda mikroelementlar: temir, mis, kalsiy va kaliy, yod, marganes bor. Shuningdek, uning tarkibida ko`p miqdorda beta-karotin va magniyni ham topish mumkin. Kaloriyaliligi: 100 g/53 kkal
- Oqsillar ― 0,5 g
- Yog`lar ― 0,0 g
- Uglevodlar ― 16,8 g
Foydasi
- Asabiy, toliqqansiz, o`zingizni bosolmayapsiz, ishlagingiz yo`q. Unda bir nechta olovrang xurmodan eng, darrov foydasini sezasiz. Chunki xurmo tarkibida antioksidantlar bor.
- Kaloriyasi unchalik yuqori bo`lmagani holda, tezda qorin to`ydiradi, demak parhez tutayotganlar uchun foydali.
- Tomoq og`rig`ida xurmoning yangi siqib olingan sharbatiga teng miqdorda qaynagan iliq suv aralashtirib chayish kerak. Bunda nafaqat tomoq og`rig`i qoladi, balki shamollashning boshqa belgilari ham barham topadi.
- Buyraklar og`riganda ko`proq xurmo eyish tavsiya etiladi, chunki u siydikni yaxshi haydaydi, organizmdan tuzlarni chiqarib yuboradi.
- Tarkibida A vitamini ko`p bo`lgani uchun ko`rish qobiliyatiga foydali.
- Tarkibida ko`p miqdorda yod bor, qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilaydi, shu sababli bo`qoq xastaligiga chalinganlar kuniga bir nechta xurmo eyishlari kerak.
- Kamqonlikda ham xurmo foydali, shuningdek, kamquvvatlik, sil, ateroskleroz va yurak-qon tomir xastaliklarida ham tavsiya etiladi.
- Qon bosimi ko`tarilganida xurmo eyilsa, bemor ahvoli o`nglanar ekan, shu sababli gipertoniyada tavsiya etiladi.
- O`pka xastaliklari – zotiljam va surunkali bronxitda kuniga bir nechtadan xurmo eyish kerak, shunda kasallikni engish oson kechadi.
- Mevaning sersuv mag`zi ajoyib bakterisid vositadir. Shu sababli xalq tabobatida xurmodan tayyorlangan malham yaralarni bitkazishda keng qo`llaniladi. Shuningdek kuygan yaralarga ham foydali. Buning uchun po`sti tozalangan mevani yara ustiga bosib bog`lab qo`yiladi.
Kosmetologiyada
Xurmodan teri qarishiga qarshi juda samarali niqoblar tayyorlanadi. Bu niqoblar terining tarangligini oshiradi, teshiklarini toraytiradi va husnbuzarlarga qarshi profilaktika vazifasini o`taydi.
Terini taranglashtiruvchi niqob. Mevaning po`sti artib eziladi va bitta tuxum oqi qo`shiladi, so`ng barcha masalliqlar blenderda yaxshilab aralashtiriladi. Teriga surtib, 15 daqiqaga qoldiriladi. Sinab ko`ring, birinchi martasidayoq nafini sezasiz.
Ajinlarga qarshi. Ezilgan xurmo mevasi, sut va yog`li smetanani 2:2:1 nisbatda olib yaxshilab aralashtiring-da, yuzga surtib 15 daqiqaga qoldiring. Niqob ta`sirida teri taranglashadi, ajinlar kamayadi.
Tonusni oshiruvchi muolaja. Xurmon mevasi yaxshilab eziladi va yuzga surtiladi. 10 daqiqadan so`ng yuvib tashalanadi. Bu niqobga xurmodan boshqa hech nima qo`shmaslik kerak, chunki meva sharbatining o`zi terini tetiklantiruvchi ta`sirga ega.
Kimlarga mumkin emas?
Tarkibida shuncha ko`p foydali elementlari bo`lsa ham, xurmodan zarar ko`rish mumkin, agar me`yorni bilmasangiz. Quyidagi hollarda xurmo umuman mumkin emas:
- 3 yoshgacha bo`lgan bolalarga
- Ich qotishida
- Qandli diabetda
- Semirishda
Bu zararlarning bari meva tarkibidagi tanin moddasi tufaylidir. Taninlar oshqozon shirasi bilan reaksiyaga kirishib shilishiq cho`ziluvchan aralashmani hosil qiladi, ko`p o`tmay bu aralashma qumoqlanib qoladi. Shu sababli xurmoni ko`p iste`mol qilish yaramaydi: ichak tiqilishi va o`tkazmasligi yuzaga kelishi mumkin. Har narsada me`yor bo`lgani ma`qul.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.





